O‘zbekistonning amaldagi prezidenti, O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev farg‘onalik saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida Farg‘ona shahrida 300 gektar maydonda 40 ming aholiga mo‘ljallangan zamonaviy “Eko shahar” barpo etishni taklif qildi. Bu haqda O‘zLiDeP axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bunda 25 qavatgacha bo‘lgan uylar, ijtimoiy infratuzilma obyektlari, 70 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i bunyod qilinadi.

Shu bilan birga, shaharda har yili 1 mln dan daraxt ekib, Farg‘onaning “yashil shahar” maqomini qayta tiklanishi aytildi.

Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev namanganlik saylovchilar bilan uchrashuvda ham viloyatda “Yangi O‘zbekiston” bog‘ini qurishni taklif qilgan edi. U Toshkent viloyatida barpo qilingani kabi O‘zbekistonni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasini ifodalovchi daraxtning beshta shoxi ko‘rinishida bunyod etiladi. Shuningdek, “Yangi Namangan” shaharchasini qurish ham rejalashtirilmoqda.

Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida aytilishicha, “Yangi O‘zbekiston” bog‘idan namuna olib, barcha hududlarda maydoni kamida 50 gektar bo‘lgan bog‘larni qurish mo‘ljallanmoqda. Bundan tashqari, shahar va viloyat markazlarida har 50−100 ming aholiga bitta hisobida jamoat bog‘larini tashkil etish rejalashtirilgan.