YouTube saylov natijalariga shubha tug‘diradigan kontentni joylashtirishni taqiqladi

YouTube video xizmati saylovlar to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan kontentni, shuningdek, saylov natijalariga shubha tug‘diradigan videolarni joylashtirishni taqiqladi. Bu kompaniya tomonidan e’lon qilingan yangilangan xizmat ko‘rsatish qoidalarida ko‘rsatilgan.

Yangi qoidalarda ta’kidlanishicha, «saylovchilarni yo‘ldan ozdirish» qat’iy man etiladi. «Bunga ovoz berish vaqti, saylov uchastkasining manzili, ovoz berish usullari yoki unda qatnashish shartlari kabi noaniq ma’lumotlarga ega bo‘lgan kontent kiradi. Bundan tashqari, ovoz berishga jiddiy xalaqit beradigan noto‘g‘ri ma’lumot tarqatish taqiqlanadi», deyiladi kompaniya xabarida.

Shuningdek, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumotlar joylashtirish taqiqlanadi. Gap amaldagi mahalliy qonunchilik bilan tartibga solinadigan talablar haqida ketmoqda, masalan, nomzodning yoshi va fuqaroligi", deyiladi qoidalarda.

Bundan tashqari, «saylov natijalarini shubha ostiga qo‘yadigan» kontent kompaniya tomonidan cheklanadi. «Bunga o‘tgan har qanday umumiy saylovlar natijalariga katta miqdordagi soxtalashtirish ta’sir ko‘rsatdi, degan noto‘g‘ri da’volar, yakuniy natijalar rasman tasdiqlanganidan keyin tizimlarning ishlashidagi xatolar yoki texnik nosozliklar to‘g‘risida materiallar kiradi», deyiladi xabarda. Aniqlik kiritilishicha, bu qoida hozirda «AQShning barcha o‘tgan prezidentlik saylovlariga, shuningdek, Germaniyada 2021 yilgi parlament saylovlariga» tegishli.

Shuningdek, yangi qoidalar «demokratik jarayonlarni buzishga chaqiriqlar — tomoshabinlarni ovoz berishga to‘sqinlik qilishga yoki uning tartibini buzishga undaydigan kontent»ni joylashtirishni taqiqlaydi. Kompaniyaning xabar berishicha, bunday videolar o‘chirib tashlanadi, mualliflari esa bu haqda elektron pochta orqali xabardor qilinadi.


Tailandning Bangkok va boshqa 9 ta provinsiyasi 1 noyabrdan boshlab emlangan sayyohlar uchun ochiladi

Tailand rasmiylari koronavirusga qarshi emlangan chet ellik sayyohlarni Bangkok va mamlakatning boshqa to‘qqizta viloyatiga 1−30 noyabr kunlari karantinsiz kirishiga ruxsat berishni rejalashtirmoqda. Ma’lum qilinishicha, viloyatlarning butun hududi emas, balki sayyohlar uchun faqat maxsus belgilangan «turistik zonalar» mavjud bo‘ladi. Tailand rasmiylarining rejasiga ko‘ra, bu Krabi va Pxangnga, Chiangmay, Xuaxin, Pattayya, Cha-Am, Buriram, Ko Payam va boshqa joylardir.

1 dekabrdan 31 dekabrgacha sayyohlar uchun yana 20 ta provinsiya ochilishi rejalashtirilgan. Bularga Ayuttaya, Chiangray, Kxon Kayen, Lampxun va boshqa hududlar kiradi. 1 yanvardan hukumat chegara viloyatlarini ochishni boshlaydi.

Bundan tashqari, 1 oktabrdan Tailandga kirib kelayotganlar uchun majburiy karantin muddati — emlangan sayyohlar uchun yetti kungacha va emlanmagan sayyohlar uchun 10 kungacha qisqartiriladi. — Bangkok Post.


«Tolibon» qirol Zohir Shoh davridagi konstitutsiyadan foydalanadi — OAV

«Tolibon» Afg‘onistonning so‘nggi qiroli Muhammad Zohir Shoh hukmronligi davridagi (1933−1973) konstitutsiyaga vaqtincha amal qiladi. Bu haqda adliya vaziri v.b. etib tayinlangan Abdul Hakim Sharia ma’lum qildi, deb yozadi TASS Amadnews’ga tayanib. Hukumat vakilining aniqlik kiritishicha, konstitutsiyadan shariat qonunlariga zid bo‘lgan nizomlar istisno qilinadi.

Afg‘onistonda mustaqillikka erishganidan, ya’ni 1919 yildan buyon yetti marta konstitutsiya o‘zgardi. «Tolibon» hokimiyatga kelishidan oldin mamlakatda 2004 yilda qabul qilingan konstitutsiya amal qilgandi.

1964 yilda Loya jirga (Butun Afg‘oniston oqsoqollar kengashi) Zahir Shoh raisligida Afg‘onistonning yangi Konstitutsiyasini tasdiqlagandi. Ushbu asosiy qonun mamlakat tarixidagi eng demokratik konstitutsiyalardan biri hisoblanadi. Ushbu hujjatda diniy me’yor va marosimlarga rioya qilish mamlakat aholisi uchun majburiy emasligi belgilangan. Bundan tashqari, bir qancha ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan sohalarda, jumladan, sud tizimida diniy rahbarlarning roli cheklangan edi. Shu bilan birga, Afg‘oniston parlamenti birinchi marta hukumatga ishonchsizlik votumini bildirish huquqiga ega bo‘lgan.

Shuningdek:

  • Kobul universitetining yangi rektori Muhammad Ashraf G‘ayrat ayollarga «haqiqiy islomiy tartib» o‘rnatilmaguncha, bu muassasada o‘qitish yoki o‘qish taqiqlanganini e’lon qildi. «Men sizga o‘z so‘zlarimni Kobul universiteti rektori sifatida yetkazaman. Haqiqiy islomiy muhit hamma uchun ta’minlanmaguncha, ayollarga universitetlarga kirishga yoki u yerda ishlashga ruxsat berilmaydi. Avval Islom!» — dedi rektor.
  • Kobul meri Hamdulloh Nomanining ma’lum qilishicha, Afg‘oniston poytaxti tez orada suvsiz qolishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holat bir necha o‘n yillar davom etgan qurolli to‘qnashuvlar, global iqlim o‘zgarishi va suv ta’minoti tizimining yomon boshqarilishi natijasida yuzaga kelgan. «Suv yetishmovchiligi kundan-kunga keskinlashib bormoqda. Biz shahar butunlay suvsiz qolishidan qo‘rqamiz», — dedi shahar meri. Nomanining aytishicha, hukumat inqirozni hal qilish uchun yetkazib beruvchi kompaniyalar bilan muzokara o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Yaponiyada COVID-19 tufayli joriy etilgan favqulodda holat rejimi bekor qilinadi

Yaponiyada 1 oktabrdan boshlab COVID-19 koronavirus pandemiyasi munosabati bilan joriy etilgan favqulodda holat rejimi bekor qilinadi, cheklovlar esa asta-sekin olib tashlanadi.

«Koronavirusga qarshi kurashimiz yangi bosqichga o‘tmoqda. Nihoyat, biz ijtimoiy va iqtisodiy faolligimiz normal holatga qaytayotganini ko‘rishimiz mumkin», — dedi Yaponiya bosh vaziri Yosixide Suga. Uning ta’kidlashicha, virus tarqalishi munosabati bilan qo‘yilgan cheklovlar bosqichma-bosqich olib tashlanadi va hukumat COVID-19 bilan kurashish uchun vaqtinchalik davolash muassasalarini ochadi hamda aholini emlashni davom ettiradi.

Yaponiyada favqulodda holat rejimi olti oydan ko‘proq vaqt davomida amal qilmoqda. Hozirgi vaqtda u mamlakatning 47 ta prefekturasidan 19 tasida joriy qilingan. — Associated Press (AP).


Shuningdek:

  • Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Afg‘oniston bilan chegaradosh Darvoz viloyatida harbiy xizmatchilar, chegarachilar va huquq-tartibot xodimlari paradini qabul qildi. Tadbirda 2 ming nafar askar va zobit, 50 ta harbiy texnika qatnashdi.
  • AQSh prezidenti Jo Bayden dushanba kuni COVID-19'ga qarshi vaksinaning uchinchi, buster (qo‘shimcha) dozasi bilan emlandi. O‘tgan yilning dekabr oyida Bayden Pfizer va BioNTech kompaniyalarining vaksinasi bilan emlangan edi.