O‘zbekiston fuqaroligiga ega bo‘lgan shaxslarga, ikkinchi fuqarolikni olgan taqdirda, davlat organlariga bu haqda xabar bermaganligi uchun javobgarlik belgilanmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi Farhod Ashmatov xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, amaldagi qonunchilikda O‘zbekiston vakolatli organlariga O‘zbekiston fuqarolari tomonidan chet davlat fuqaroligini qabul qilish holatlarini aniqlash vazifasi yuklatilgan, ammo fuqarolarning ushbu fakt yuzasidan davlat organlariga xabar berish majburiyati mavjud bo‘lmagan.

«Ana shunday muammolarning oldini olish va kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik va fuqarolarning bu boradagi mas’uliyatini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 24 avgustdagi yalpi majlisida deputatlar tomonidan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonuni loyihasi ikkinchi va uchinchi o‘qishda bir ovozdan ma’qullandi», deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, qonun amaliyotda O‘zbekiston fuqarolarining fuqarolikdan chiqmasdan turib chet davlat fuqaroligini olishlari bilan bog‘liq bo‘lgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan.

Qonun loyihasida quyidagilar nazarda tutilgan:

  • O‘zbekiston fuqaroligida bo‘lgan va chet davlat fuqaroligini olgan shaxslarni, chet davlat fuqaroligini qabul qilgan kundan boshlab o‘ttiz kalendar kuni ichida xabar berish tartibi joriy qilinadi;
  • Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga O‘zbekiston fuqarolari tomonidan chet davlat fuqaroligi olganligi xaqida belgilangan muddatda xabar bermaganligi uchun javobgarlik kiritiladi;
  • O‘zbekiston fuqaroligi tugatilgan shaxs tomonidan, O‘zbekiston fuqaroligi pasporti yoki identifikatsiya ID-kartalaridan foydalanganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi;
  • Davlat xizmatchilari yoki hokimiyat vakili vazifalarini bajaradigan yoki davlat organlarida tashkiliy-boshqaruv yoxud ma’muriy-xo‘jalik funksiyalarni bajaradigan O‘zbekiston fuqarolari tomonidan chet davlat fuqaroligi olganligi haqida belgilangan muddatda xabar bermaganligi uchun javobgarlik belgilandi.

Xabarga ko‘ra, qonun imzolanib kuchga kirishi bilan O‘zbekiston fuqaroligi bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqishdagi huquqiy bo‘shliq bartaraf etiladi. Chet davlat fuqaroligini qabul qilganligi haqida o‘z vaqtida xabar bermaganligi uchun javobgarlikni belgilash orqali, O‘zbekiston fuqarolari, ayniqsa, davlat xizmatchilarining mas’uliyati oshirilishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonda ikki fuqarolik bilan bog‘liq yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarning oldi olinadi, sohaga doir huquqni qo‘llash amaliyotining aniq va bir xilda bo‘lishi ta’minlanadi, deyiladi xabarda.