27 sentabr kuni Toshkent shahar hokimligida Toshkent shahar Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashining ta’sis yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Shahar ma’muriyati matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev olib borgan yig‘ilishda shahar Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy Kengashi a’zolari tasdiqlanib, ularning vazifalari to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov, tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Erkin Xamrayev, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov va boshqalar qatnashdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbut xizmatining xabar qilishicha, kengash oldida turgan dolzarb vazifalar quyidagilardan iborat:

  • Toshkent shahrida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar va tashkilotlar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan qarorlar qabul qilish;
  • Milliy kengashga qonun hujjatlarini va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish;
  • Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi Toshkent shahridagi mahalliy davlat organlari rahbarlarining hisobotlari va ma’ruzalarini eshitish;
  • Toshkent shahrida yoshlarda korrupsiyaga qarshi immunitetni mustahkamlash maqsadida maktablar, kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish fanlarining o‘tilishini tashkil etish, mavzuga oid turkum seminarlar tashkil etish;
  • Toshkent shahrida oliy ta’lim, qurilish, sog‘liqni saqlash, davlat xaridlari yo‘nalishlarida «Korrupsiyasiz soha» loyihasini amalga oshirish va sohalar qamrovini kengaytirish.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2020 yil 26 iyundagi farmoniga binoan Korrupsiyaga qarshi agentlik tuzilib, Korrupsiyaga qarshi respublika idoralararo komissiyasi Korrupsiyaga qarshi milliy kengashga aylantirilgan edi. Unga Senat raisi Tanzila Narboyeva rahbarlik qiladi.

Kengashning ishchi organi — Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi. Barcha hududlarda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha hududiy kengashlar ishlaydi. Toshkentda korrupsiyaga qarshi kurashish kengashi ta’sis etildi.