O‘zbekistonlik mutaxassislar Vengriyadagi «Paksh-2» atom elektr stansiyasida energiya bloklarini qurish tajribasini o‘rganadi, deb xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Bu haqda Toshkentda Yanosh Shuli boshchiligidagi Vengriya delegatsiyasi bilan O‘zbekiston Energetika vazirligi huzuridagi «O‘zatom» agentligi bosh direktori boshchiligida energetika sohasida hamkorlik bo‘yicha muzokaralarda ma’lum qilindi.

Muzokaralar chog‘ida qurilish ishlarining borishini batafsil o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Energetika vazirligi va «O‘zatom» agentligi xodimlarini «Paksh-2» AES qurilish maydonlariga jalb qilish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Xususan, mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalasi, shuningdek, o‘zbekistonlik abituriyentlarni Budapesht texnika va iqtisodiyot fanlari universiteti va «Dunauyvarosh» universitetida tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha grant asosida o‘qitish muhokama qilindi.

Bugungi kunda Vengriyada mamlakatning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji atom energiyasi, ya’ni «Paksh» AES bilan ta’minlanadi. «Paksh» energiya bloklarini rejalashtirilgan ishdan chiqarish 2032 yilda boshlanishi sababli, Vengriyada VVER-1200 reaktorlari asosida ikkita energiya blokidan iborat, Rossiyaning 3+avlodidagi «Paksh-2» atom elektr stansiyasini qurish loyihasi boshlandi. Birinchi blokni ishga tushirish 2030 yilga rejalashtirilgan, bu elektr energiyasi ishlab chiqarishning uzluksizligini ta’minlaydi.