Toshkent shahrida noqonuniy tarzda 1 gektar yer maydonini olib bermoqchi bo‘lgan ikki nafar fuqaro aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar bermoqda.

Ma’lumotga ko‘ra, Toshkent shahri Yunusobod tumanida fuqarolar S.U. va B.A.lar fuqaro D.ga 200 ming AQSh dollari evaziga Toshkent viloyati, O‘rmon xo‘jaligi tasarrufidagi 1 gektar yer maydonini vakolatli tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib olib berishni va’da qilgan.

24 sentabr kuni Departament hamda DXXning Yunusobod tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda oldindan kelishilgan pulning 10 foizini hisoblab 20 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.