27 sentabr kuni Termizda Surxondaryo va Balx viloyatlari hokimlari boshchiligida O‘zbekiston va Afg‘oniston chegaraoldi hududlari boshqaruv idoralari vakillaridan iborat ishchi guruhlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Tadbir afg‘on tomonining iltimosiga binoan Afg‘onistonga import mollarini tranzit tashuvi bilan bog‘liq masalalarni hal etish maqsadida tashkil etildi.

Muloqot dastavval eng zarur xalq iste’mol tovarlari — oziq-ovqatlar, dori-darmon, tibbiy anjomlar, kiyim-kechak va yoqilg‘i xususida bordi, deyiladi xabarda.

«Uchrashuvda muhokama etilgan masalalar, jumladan Afg‘onistonda yuzaga kelgan og‘ir gumanitar vaziyat davrida mamlakatga yuklarni yetkazib berish va tranzit o‘tkazishda mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi», — deya aniqlik kiritildi xabarda.

Yig‘ilish so‘nggida tomonlar eng dolzarb chegaraoldi masalalari yuzasidan ishchi aloqalarini davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Eslatib o‘tamiz, sentabr o‘rtasida O‘zbekiston Afg‘onistonga oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va kiyim-kechaklardan iborat 1300 tonnalik insonparvarlik yukini yuborgan edi. Yukni qabul qilish marosimida Zabihulla Mujohid va Islom amirligining boshqa rasmiy vakillari ishtirok etdi. Suratlarda O‘zbekiston tomonidan Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov, Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev qatnashdi.