Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida 5 gektar yerni 150 ming AQSh dollariga olib berishni va’da qilgan shaxslar ushlandi, deb xabar bermoqda IIV axborot xizmati.

Toshkent viloyatida yashovchi B. va Sh. lar Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Amir Temur massivida joylashgan «Sulton Axmad Omad» fermer xo‘jaligiga 49 yilga ijaraga berilgan 14,3 gektar yer maydonidan 5 gektarini Bo‘stonliq tumani hokimiyatida ishlovchi T. orqali 150 ming AQSh dollari evaziga doimiy egalik huquqini beruvchi qaror chiqartirib berishga va’da qilgan.

Bu haqda 13 sentabr kuni D.A. IIVga yozgan arizasida ma’lum qilgan. D.A. oldindan avans sifatida 10 ming AQSh dollari berishini talab qilinayotganini ma’lum qilib, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.


Mazkur arizaga asosan, shu kuni, IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi, DXX hamda IJQK Departamentining Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Toshkent viloyati, Chirchiq shahar, Navoiy ko‘chasi, 39-uyda joylashgan «Milliy taomlar» nomli osh markazida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, B.S., Sh.X. va R.N.lar ariza muallifidan 10 000 AQSh dollarini olgan vaqt ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan, 13 sentabr kuni B.S, Sh. X. va R.N.ga nisbatan JKning 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va 28,211-moddasi 3-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.