24 sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar «O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar, deya xabar qildi parlament quyi palatasi matbuot xizmati.

Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi bilan Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida favqulodda hodisa oqibatida zarar ko‘rgan baliqchilik, chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklari 2020 yil 1 maydan 2022 yil 1 noyabrga qadar yer va mol-mulk soliqlarini to‘lashdan ozod etilishi belgilanyapti.

Shunigdek, loyihada Surxondaryo viloyati bo‘yicha Bandixon, Qiziriq, Muzrabot va Sherobod tumanlarida yangidan tashkil etgan holda shu hududlarda faoliyat ko‘rsatadigan tadbirkorlik subyektlari 2024 yil 1 yanvarga qadar yer solig‘i, mol-mulk solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun daromad solig‘ini to‘lashdan ozod qilish nazarda tutilmoqda.

Qayd etilganidek, mamlakatning tabiiy ofatlar natijasida katta zarar ko‘rgan hududlardagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ayrim yerlari sho‘rlangan hududlarda yashovchi fuqarolarga soliq to‘lovlaridan yengilliklar yaratib berish orqali mazkur hududda yashovchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, aholi turmush darajasini yaxshilashga turtki bo‘ladi.

Deputatlar ta’kidlashicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi tadbirkorlik subyektlari va aholi orasida normativ-huquqiy hujjatlar har xil talqin qilinishining oldini olishga, xorijiy investorlarni jalb qilishga, tadbirkorlik muhiti jozibadorligining oshishiga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.