Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” sotsial -demokratik partiyasi fraksiyasi avtomobil haydovchilarining tezlikni oshirgani uchun jarima miqdorini kamaytirishni taklif qildi. Bu haqda partiya deputati Qodir Jo‘rayev 23-sentabr kuni qonun loyihasi fraksiyada muhokama qilinganidan so‘ng o‘z Telegram-kanalida ma’lum qildi.

24-sentabr kuni “Adolat” SDPning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama qildi. Avvalroq, Adliya vazirligi haydovchilarga quloqchin va boshqa uskunalar orqali telefondan foydalanishga ruxsat berishni, shuningdek salonga monitor o‘rnatganlik uchun jarimani bekor qilishni taklif qilayotgani haqida xabar bergan edik.

Jo‘rayevning so‘zlariga ko‘ra, “Adolat” tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128−3-moddasi ikkinchi qismi sanksiyasidagi (20 kmdan ortiq, lekin 40 kmdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborishi yoki transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda xuddi shunday huquqbuzarlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror oshirib yuborishi) jarima miqdorini amaldagi bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari o‘rniga (1,35 mln so‘m) 3 baravar qilib (810 ming so‘m) belgilash taklifi bildirilgan.

Partiyaning taklifi mashhur blogerlar va jamoatchilik tomonidan tanqid qilindi. Avvalroq, “Gazeta.uz” dagi materiallarda bir qator ekspertlar jarimalar yuqori bo‘lishi kerakligini, jarimalarning pastligi esa aslida “huquqbuzarliklarni tariflash” ekanligini ta’kidlashgan edi.

Shu kunning o‘zida, Adliya vazirligi matbuot xizmati vazir Ruslanbek Davletovga tayanib taklif etilayotgan qonun loyihasida tezlikni oshirganlik uchun jarimani kamaytirish bo‘yicha takliflar mavjud emasligini ma’lum qildi.

Munosabatlar

Huquqshunos, Milliy axborot agentligi (O‘zA) rahbarining o‘rinbosari va mashhur bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev odamlar o‘limiga sabab bo‘ladigan yuqori tezlik uchun jarimani kamaytirish mantiqsizlik deb atadi.

“Ruxsatsiz tonirovka hech kimga ziyon qilmasa ham salkam 7 mln so‘mdan 11 mln so‘mgacha jarima belgilangan bir paytda yuzlab odamlar o‘limiga sabab bo‘ladigan yuqori tezlik uchun jarimani kamaytirish mantiqsizlik (ahmoqlik deyishga istihola qildim)”, — deb yozdi u.

“Xo‘p, tushundik, deputatlarni tonirovka masalasiga „tishi o‘tmaydi“, bu joyga kelganda ular ko‘r va karga aylanib qoladi, lekin tezlikni oshirganlik uchun jarimani kamaytirishga balo bormi, hayronman?”, — deb so‘radi huquqshunos.

Iqtisodchi Behzod Hoshimov yo‘l qoidasi buzganlar uchun jarimalar va ular haqida xabar bergan insonlar uchun rag‘batlar ko‘payishi kerakligini ta’kidladi.

“Eng muhimi — sug‘urta tizimi joriy etilishi kerak, axir sug‘urta insonlar hayotini saqlovchi vosita. Maqsad insonlar hayotini saqlash. Yiliga buncha ko‘p odam avtomobillar dastidan xalok bo‘lishi — insonlar xavfsizligiga beparvolikni anglatadi”, — dedi u.

Jurnalist Muhbir Daliyev tezlikni oshirgani uchun jarimani kamaytirish qonun loyihasi “toza lobbi” deb hisoblaydi. “Kun ora oddiy xalq tezlik qurbonlari bo‘layotgani bir paytda xalqni ustidan kulishday gap bo‘pti”, — qayd etdi u.

Mashhur Davletovuz blogi muallifi, jurnalist Qobil Hidirov: “Qarorni faqat mashinada yuradigan odamlar qabul qilsa, shunaqa bo‘ladi: faqat o‘ziga qulay bo‘lishini istayveradi” — deya ta’kidladi.

Mutahassislar fikri

Rossiyaning SIMETRA transport kompaniyasining jamoat transporti sohasida yechimlar bo‘yicha direktori Vladimir Valdin “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida “yo‘l qoidasini buzganlik uchun jarima odamlar uchun juda qimmat bo‘lishi kerak”ligi haqida aytgan edi.

U to‘xtab turish qoidalarining buzilishi haqida misol keltirgan edi: “Bu yetarlicha jiddiy muammo. Jarimalar odamlarning cho‘ntagi ko‘tara oladigan darajada bo‘lmasligi kerak, ularning maqsadi boshqa. To‘xtab turish qoidalarining buzilishi ijtimoiy xavfli huquqbuzarlik hisoblanadi. Chunki o‘z mashinasi bilan avtobusning bekatga keladigan yo‘lini egallagan bir kishi bitta avtobusdagi 100 nafar yo‘lovchining mobilligini pasaytiradi. Avtobuslar esa bir nechta bo‘lishi mumkin”.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakili, doktor Liann Kuppens nashrimizga bergan intervyusida: “Garchi bu haqda gapirish yoqimsiz bo‘lsa da, kichik jarimalar yordam bermaydi. Jarima odamlarni hayratda qoldirishi kerak: „men buza olmayman“ deb. Odamlarning xulq-atvori shunda o‘zgaradi”, — degan edi u.