O‘zLiDePning prezidentlikka nomzodi Shavkat Mirziyoyev samarqandlik saylovchilar bilan uchrashuvda viloyatda 450 mingta ish o‘rni yaratish orqali kambag‘allikni 2 barobarga qisqartirish eng ustuvor vazifa ekanligini aytdi. Bu haqda O‘zLiDeP axborot xizmati xabar berdi.

“Kelgusi besh yilda yalpi hududiy mahsulotni 1,4 baravarga oshirib, 90 trln so‘mga yetkazishimiz zarur. Buning uchun, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholini kasb-hunarga o‘qitish orqali 130 mingta ish o‘rinlari yaratiladi. Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida viloyatga har yili qariyb 1 trln so‘m imtiyozli kredit ajratiladi”, — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev Narpay misolida tumanni “ishsizlikdan xoli hudud"ga aylantirish bo‘yicha yangi tizim qanday ishlashini sharhlab berdi.

Qo‘shimcha qilinishicha, kelgusi besh yilda Samarqand viloyatini rivojlantirish uchun davlat hisobidan 41 trln so‘m yo‘naltiriladi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Samarqandni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha besh yillik dastur doirasida Narpay tumani misolida viloyatda ishsizlik va kambag‘allikka barham berish bo‘yicha rejalarni ma’lum qildi.

Unga ko‘ra Narpay misolida, tumanni “ishsizlikdan xoli hudud"ga aylantirish bo‘yicha yangi tizim amalga oshiriladi.

Ma’lum qilinishicha, ayni paytda tumanda mehnatga layoqatli 14 ming ishsizlar mavjud. Shu bilan birga, 4 mingta oila kambag‘al toifaga kiritilgan. Tumandagi 57 ta mahallaning 11 tasi qizil va 33 tasi sariq mahalla toifasiga kiradi.

Tumandagi mahallalarga biriktiriladigan “hokim yordamchilari” lavozimlari joriy etiladi. Ular mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirish va yangi ish joylarni tashkil etish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etadi.

Tumanda sanoat sohasida 800 mlrd so‘mlik 145 ta investitsiya loyihasi hisobiga 1,5 mingta ish o‘rni yaratiladi. Jumladan, “Baxt”, “Guliston”, “Muqimiy” va “Tepa” mahallalarida 4 ta yangi kichik sanoat zonalari tashkil etiladi.

Shuningdek, mavjud korxonalar faoliyatini kengaytirish hisobiga 4 ming 800 ta, ijtimoiy sohada 650 ta, 747 ta xizmat ko‘rsatish shaxobchalarini tashkil etish orqali 1100 ta, 14 ta yo‘l bo‘yi infratuzilma komplekslarini tashkil etish orqali 500 ta, paxta va g‘alladan bo‘shatiladigan maydonlarni aholiga ijaraga berish orqali 4 mingta, Mirbozor bozorini rekonstruksiya qilib, zamonaviy savdo kompleksiga aylantirish orqali 1200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Tumanning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, 12 ta mahallada quruvchi, chilangar, qandolatchilik, tikuvchilik, IT-soha kasblari bo‘yicha kasb-hunarga o‘qitish maskanlari tashkil etiladi.

Yuqoridagi loyihalarni amalga oshirish natijasida, tumanda tadbirkorlik subyektlari soni 1,5 mingdan 3 ming 700 tagacha ko‘payadi.

Umuman, kelgusi 2 yilda qayd etilgan tadbirlar natijasida, jami 22 ming aholining bandligi ta’minlanadi.

“Agar shu yangi tizim orqali ish samarali tashkil etilsa, 3 yilda nafaqat Narpayda, balki viloyatning boshqa hududlarida ham ishsiz odam va kambag‘al oila bo‘lmasligi kerak. Umuman, kelgusida Samarqandni ishsizlar va kambag‘allik yo‘q viloyatga aylantiramiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.