Kering fransuz moda uylari mo‘ynadan butunlay voz kechadi

Gucci, Balenciaga, Bottega Veneta, Alexander McQueen, Brioni va Yves Saint Laurent moda brendlariga egalik qiluvchi Kering SA fransuz xoldingi 2022 yilning kuziga kelib hayvonlar mo‘ynasidan ishlab chiqarishda foydalanishni to‘xtatishini e’lon qildi. «Hayvonlarning himoyasi haqida gap ketganda, bizning kompaniyamiz o‘z ta’minot zanjirida va umuman hashamatli tovarlar sohasida ishlash uslubimizni yaxshilashga sodiqligini har doim ko‘rsatgan», — dedi Kering bosh direktori Fransua-Anri Pino.

2019 yilda kompaniya mo‘yna va hayvonlardan olinadigan boshqa materiallarni qamrab oladigan hayvonlar himoyasi standartini e’lon qilgandi. Ushbu standart, mo‘ynadan foydalanishni yo‘q qilish bilan birga, Kering kompaniyasiga tegishli bo‘lgan barcha brendlarda qo‘llanilishi davom ettiriladi, deyiladi xabarda. — Gazeta.uz

Avval xabar berganimizdek, dunyoda birinchi bo‘lib Isroil mo‘yna mahsulotlarini sotishni taqiqlagan.


Suriya TIV AQSh qo‘shinlarining respublikada bo‘lishini noqonuniy deb atadi

AQSh o‘z harbiy bo‘linmalarini Suriyadan olib chiqib ketishi kerak, aks holda ular «Afg‘onistondagidek tugaydi», deya ta’kidladi Suriya tashqi ishlar vaziri Faysal Mikdad. Bu haqda TASS «Rossiya-24» telekanaliga tayanib xabar bermoqda.

«Biz va Rossiya amerikalik qo‘shinlarning Suriyada bo‘lishini noqonuniy deb hisoblaymiz va ular imkon qadar tezroq chiqib ketishi kerak. Agar ular bunday qilmasalar, ular Afg‘onistondagi kabi yoki boshqa mamlakatdagi kabi tugaydi», — dedi Mikdad.

2014 yilning yozida Iroqning shimoliy va g‘arbiy hududlarida, shuningdek, Suriya shimolida «Islomiy davlat» terrorchilik tashkiloti jangarilari tomonidan keng ko‘lamli hujum boshlandi. O‘sha yilning 23 sentabridan boshlab AQSh Harbiy havo kuchlari Damashq bilan rasmiy kelishilmagan holga ISHID jangarilarining pozitsiyalariga zarba berib kelmoqda. AQSh qo‘shinlarining Suriyadan olib chiqilishi haqida 2018 yilning dekabrida rasman e’lon qilingandi, biroq oradan ikki yil o‘tib, Amerika ma’muriyati mamlakatdagi bo‘linmalarini qoldirishga qaror qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Suriyada qolayotgan amerikalik askarlar soni 900 nafarga yaqin.


Yevropa Ittifoqi Kobulda o‘z vakolatxonasini ochishi mumkin

Yevropa Ittifoqi Afg‘oniston poytaxtida qo‘shma idora ochish ustida ishlamoqda, dedi hamjamiyat oliy vakili Xosep Borrel. «Biz buning ustida ishlayapmiz. Lekin xavfsizlik masalalari bo‘yicha biz tafsilotlarni bera olmaymiz», deya ta’kidladi u. — Interfaks.

Shuningdek:

  • «Tolibon» o‘g‘rilik uchun jazo sifatida oyoq-qo‘llarni kesish amaliyotiga qaytmoqchi. Bu haqda AR harakat asoschilaridan biri mulla Nuriddin Turobiyga tayanib xabar bermoqda. U, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi haligacha omma oldida jazolash to‘g‘risida qaror qabul qilayotganini aytdi. ARning eslatishicha, «Tolibon» 1996 yilda Afg‘onistonda hokimiyatga kelganida islom qonunlari me’yorlarini qat’iy bajarishga asoslangan rejimni o‘rnatgan edi. Tartibni buzganlik uchun qattiq jazolar: oyoq-qo‘llarini kesish, toshbo‘ron qilish, omma oldida qatl qilish choralari ko‘rilar edi.

Ukraina parlamentida Zelenskiyni «suiqasd uyushtirgani» uchun «Oskar» mukofoti bilan taqdirlash taklifi ko‘rib chiqildi

Ukraina parlamenti a’zolari prezident Vladimir Zelenskiyni uning birinchi yordamchisi Sergey Shefirga uyushtirilgan suiqasd munosabati bilan «Eng yaxshi ssenariy» nominatsiyasida «Oskar» mukofotiga nomzod bo‘lish haqidagi parlament so‘roviga ovoz berishdi. Shu tarzda, so‘rov muallifi, deputat Geo Leros, hamkasblarining e’tiborini voqea sahnalashtirilgan versiyaga qaratmoqchi bo‘lgan, deb yozadi TASS.

«Xalq deputati Geo Lerosning „Mavjud bo‘lmagan suiqasd“ filmining eng yaxshi ssenariysi va maxsus effektlari uchun prezident Vladimir Zelenskiyni „Oskar“ bilan taqdirlash to‘g‘risida Amerika kino akademiyasiga taklif bilan chiqish so‘rovi ovozga qo‘yildi», deb parlament raisi o‘rinbosari Yelena Kondratyuk Rada yig‘ilishi paytida deputatning so‘rovini o‘qib berdi.

Shundan so‘ng, savol ovozga qo‘yildi va Ukraina parlamentining 35 deputati tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Deputatlik so‘rovini ko‘rib chiqish uchun 150 ta ovoz talab qilinadi.


Shuningdek:

  • Ozarbayjon Armaniston ustidan BMT Xalqaro sudiga shikoyat qildi. Ozarbayjon tomoniga ko‘ra, Yerevan «Irqiy kamsitishning barcha turlariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya»ni muntazam ravishda buzib kelmoqda. Ma’lumotda qayd etilishicha, «Armaniston ozarbayjonlarga nisbatan milliy yoki etnik kelib chiqishi bo‘yicha bir qator kamsituvchi harakatlarda qatnashgan va qatnashishda davom etmoqda». Avvalroq, Armaniston Ozarbayjon ustidan Xalqaro sudga shikoyat qilgandi.