Namanganlik 21 yoshli yigit harbiy xizmatchi snaryad qoldiqlari portlashi oqibatida halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov.

Ma’lum qilinishicha, 21 avgust kuni dala o‘quv maydonida snaryad qoldiqlari portlashi natijasida sodir bo‘lgan ko‘ngilsiz hodisa oqibatida Milliy gvardiya muddatli harbiy xizmatchisi A. Iqboljonov hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari olib vafot etgan.

Holat yuzasidan 21 avgust kuni Chirchiq harbiy prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 297-moddasi (Atrofdagilar uchun katta xavf manbai bo‘lgan qurol-yarog‘, shuningdek modda va buyumlar bilan muomalada bo‘lish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, prokuror nazorati o‘rnatilgan.

24 sentabr kuni Facebook`dagi Yusupov Shavkatboy sahifasida marhumning ota-onasining prezidentga videomurojaati e’lon qilindi.

Marhumning onasining ta’kidlashicha, ular o‘g‘lini 14 mart kuni Toshkent viloyati Chirchiq shahriga harbiy xizmatga jo‘natishgan.

«6 oy xizmat qilgandan keyin 20 avgust kuni „o‘g‘illaringiz portlab ketdi“, deb olib kelib, tashlab ketishdi. Sizga murojaatim shuki, 6 oy bo‘lgan bolani nega portlatishadi? U hali hech narsani bilmaydiku. Nimaga kiydirmaydi narsalarini? Nimaga saqlamaydi? Men uni bir parchasini shu davlatga ishonib topshirgandimku. Mening ko‘zimning oq-u qorasi edi, u bolam meni. Parchalatib, tikib-tikib tashlab ketishdi. Qani bu yerda haqiqat? Kecha borgan bolaga shunaqa narsalar ushlatadimi? Nimaga himoya qilmaydi mening bolamni?» — deydi u.

Marhumning onasi prezidentdan «bolasini himoyasiz qo‘ygan odamlarga chora ko‘rishini» so‘radi.

«Qonun oldida javob bersin hammasi, nima bo‘lganini bizga ochiq-oydin aytsin. So‘rasak, „portlab ketdi“, shu, boshqa gaplari yo‘q. Bitta bolani turg‘izib, 21 yoshga kirgazish osonmi? O‘g‘lim nihoyatda esli, aqlli bola edi. Orzulari katta edi bolamni, yurist bo‘lmoqchi edi», — deya qo‘shimcha qiladi u.