23 sentabr kuni Transport vazirligida «Air Marakanda» MCHJ va «Uzbekistan Airports» AJ o‘rtasida davlat-xususiy sheriklik bitimi imzolandi.

Bitim «Samarqand» xalqaro aeroportini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va boshqarish loyihasi doirasida tuzildi. Ushbu bitimdan maqsad, «Samarqand» xalqaro aeroportida yo‘lovchilarga va aviatashuvchilarga yuqori darajada xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash va aeroport boshqaruviga xalqaro kompaniyalarni jalb qilishdan iborat.


Samarqand aeroportining rekonstruksiya qilinishi haqida

Aprel oyida «Gazeta.uz» Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida xalqaro aeroport rekonstruksiyasi loyihasi taqdimoti o‘tkazilgani haqida yozgan edi. Samarqand xalqaro aeroporti rekonstruksiyadan so‘ng 1,5 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi aytilgandi.

Foto: Turizm va sport vazirligi

Taqdimotga ko‘ra, aeroport yo‘lovchilar 3 qavatli terminalining umumiy maydoni 42 ming metr kvadrat bo‘lishi rejalashtirilgan. Shuningdek, terminalda 29 ta ro‘yxatdan o‘tish oynalari (20 ta xalqaro, 9 ta mahalliy), shuningdek yana 5 ta mustaqil ro‘yxatdan o‘tish kiosklari bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Loyiha qiymati 238,2 mlrd so‘m bo‘lib, hozirda ajratilgan mablag‘ 200 mlrd so‘mni tashkil etgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, aeroport loyihachisi «Aero-yo‘l loyiha» MCHJ, pudratchisi esa «Samarqand yo‘llardan muntazam foydalanish» DUK hisoblanadi.


Air Marakanda kompaniyasi haqida

Air Marakanda kompaniyasi 2020 yil 9 aprelda ro‘yxatdan o‘tgan. Uning asosiy faoliyat sohasi havo transporti orqali xizmat ko‘rsatishdan iborat. Kompaniya direktori — G‘ayrat Ilhomovich Ne’matov, asoschisi esa Kiprning Drupola Holdings Limited ofshor kompaniyasi hisoblanadi.

Ushbu kompaniyaning kimga tegishliligi haqida ma’lumotlar yo‘q. Ammo, uning manzili (Αγίου Αθανασίου, 46, INTERLINK HERMES PLAZA, Floor 4, Flat 400Α) Ferkensco Management Limited va Eriell Holding Company Limited kompaniyalari bilan bir xil yuridik manzilda joylashgan.

Eriell Group neft-servis kompaniyasi boshqaruvi raisi, samarqandlik tadbirkor Baxtiyor Fozilov 2020 yil may oyida «bne IntelliNews»ga bergan intervyusida, uning boshqaruvidagi kompaniya hamda Enter Engineering (EPC'ning O‘zbekistondagi eng katta pudratchilaridan biri) Ferkensco kompaniyasiga ham egalik qilishini aytgan.

Avvalroq kompaniya Samarqand xalqaro aeroporti infratuzilmasini rivojlantirishga 80 mln dollar investitsiya kiritishi haqida xabar qilingandi. O‘zbekiston hukumati tomonidan Samarqand xalqaro aeroporti va aerodrom kompleksining (aeronavigatsiyadan tashqari) modernizatsiyasi hamda boshqaruvi huquqi DXSH asosida 20 yilga «Air Marakanda» kompaniyasiga topshirilishi ma’lum qilindi. Shuningdek, hukumat kompaniyaga DXSH shartnomasini tendersiz tuzishga ruxsat bergan.

«Air Marakanda» kompaniyasi, Germaniyaning «Myunxen» xalqaro aeroporti, Turkiyaning «Istanbul» xalqaro aeroporti mutaxassislari bilan hamkorlikda Samarqand xalqaro aeroportini yirik transport va sayyohlik markaziga aylantirishni rejalashtirmoqda.