«O‘zsuvta’minot» AJ axborot xizmati rasmiy bayonotiga ko‘ra, yanvar-avgust oylarida «O‘zsuvta’minot» AJ va uning hududiy mas’uliyati cheklangan jamiyatlari (MCHJ) tomonidan markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti tarmoqlari va oqova suv tizimlariga 2798 ta noqonuniy ulanish holatlari aniqlangan. Eng ko‘p noqonuniy ulanish holatlari Xorazm viloyatida (600 ta), Toshkent viloyatida (518 ta) va Toshkent shahrida (423 ta) qayd etilgan.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent va Samarqand viloyatlarining ayrim hududlariga xizmat ko‘rsatuvchi «Musaffo obi hayot», «Damxo‘ja suv ta’minoti» va «Chimyon-Chorbog‘ suv ta’minoti» MCHJlari tomonidan jami 34 ta noqonuniy ulanish holatlari aniqlangan.

Mazkur qonunbuzarliklar oqibatida davlat budjetiga jami 8,4 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.

«Bundan tashqari, „O‘zsuvta’minot“ AJ va uning hududiy MCHJlari tomonidan respublika bo‘yicha 3342 ta jismoniy va yuridik iste’molchilar jami 11,6 mlrd so‘m miqdorida qarzdorlik mavjudligi sababli suv ta’minoti tarmog‘idan uzib qo‘yilgan. Shundan 1889 tasi Toshkent viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi», — deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan suv ta’minoti tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlaridan qarzdorlik sabab tarmoqdan uzilish holatlari yuzasidan 6120 ta iste’molchilar tomonidan jami 34 mlrd so‘mlik yetkazilgan zararni undirish bo‘yicha iqtisodiy va fuqarolik sudlariga tegishli hujjatlar taqdim etilgan.

Toshkent shahrida aniqlangan suv ta’minoti tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda qarzdorlik tufayli tarmoqdan uzilish holatlarining 90%i yuridik shaxslar hissasiga to‘g‘ri kelganligi aytilmoqda. Toshkent va Xorazm viloyatlarida esa aksincha, bu turdagi qonun buzilishi holatlarining aksariyati jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilgan.