2022 yildan tuman va shaharlar budjetlari hisobidan ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun ajratiladigan mablag‘larning 50 foizi «Ochiq budjet» axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida aniqlangan hududlardagi ichki yo‘llarni ta’mirlashga ajratiladi. Bu bo‘yicha prezident 22 sentabr kuni qaror qabul qildi.

Qarorga ko‘ra, 1 oktabrgacha fuqarolar tashabbusi jamg‘armasida 1 mlrd so‘mdan kam mablag‘ shakllangan tuman va shaharlar uchun qo‘shimcha 57,9 mlrd so‘m ajratiladi. Shuningdek, «Ochiq budjet» axborot portali orqali kelib tushgan takliflar soni 100 tadan ortiq bo‘lgan tuman va shaharlarga qo‘shimcha 59,5 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan har chorakda chorakdan keyingi oyning 25-sanasiga qadar jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish bo‘yicha ma’lumotlar rasmiy veb-sayt va «Ochiq budjet» axborot portaliga joylashtirib borishi kerak. Ushbu qoidani buzish budjet jarayonining ochiqligini ta’minlash tartibini buzish deb baholanadi.

Qarorga muvofiq, fuqarolarning tashabbusli budjetlashtirish jarayoniga jalb etilishi darajasi bo‘yicha hududlar reytingi joriy etiladi.

Har bir mahalla va ovulda «Ochiq budjet» axborot portalida taklif qoldirish va ovoz berish jarayoniga ko‘maklashuvchi «mobil» guruhlar hamda «tashabbuskorlar burchagi» tashkil etilishi ham ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Ochiq budjet» portalida tashabbusli budjet bo‘yicha ovoz berish jarayonining yakunida O‘zbekistonning barcha hududlaridan 41125 ta taklif kelib tushgani ma’lum qilingandi. Fuqarolar tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar uchun ovoz berish jarayonida 1,15 million kishi ishtirok etgandi. Natijada 881 ta loyiha eng ko‘p ovoz to‘plagan yedi.

Bundan tashqari, «Gazeta.uz» bu platforma qanday ishlashi va budjet taqsimotida qanday ishtirok etish mumkinligi bo‘yicha ma’lumot bergandi.