«Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov saylovoldi dasturini e’lon qildi. Partiya dasturi beshta yo‘nalishdan iborat. «Gazeta.uz» ushbu dasturning muhim joylarini taqdim etadi.

Birinchi yo‘nalish.Tarbiya va ta’lim sohasida

1. «Yangi avlod» davlat dasturi qabul qilinadi. Bunda:

  • bola tug‘ilganidan maktabni tugallagunigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan tarbiya va ta’lim dasturi ishlab chiqilishi uchun yagona «Oila — bog‘cha — maktab» tizimi yaratiladi.
  • oilada sog‘lom farzandni dunyoga keltirish va tarbiyani to‘g‘ri tashkil etish uchun 18 yoshgacha farzandlari bo‘lgan ota-onalarni qo‘llab-quvvatlab, ularga alohida maqom va mas’uliyat yuklatiladi.
  • bog‘chalarning davlat tomonidan moliyalashtirilishi va (xususiy bog‘chalarga ruxsat beriladi) bog‘cha davrining oxirgi bir yili majburiy bo‘lishi belgilanadi. Bu jarayonda eng avvalo, tarbiyachilar ish haqi oshiriladi, ularning yillik sertifikatsiyasi joriy etilib, bog‘cha guruhlarida bolalar sonini 15 nafardan oshirmasligiga erishiladi.

«Maktabgacha ta’lim muassasalarini to‘laligicha davlat qarmog‘iga olinishi tarafdorimiz. Biz bolalar bog‘chasidagi so‘nggi bir yilni majburiy qilmoqchimiz. Ana o‘shanda bolalar maktabga tayyor holatda keladi», — deya ta’kidladi Alisher Qodirov.

«Milliy tiklanish» partiyasi nomzodi dasturiga ko‘ra, maktablarda boshqaruv, o‘qituvchiga munosabat va tarbiya-ta’lim ishlarini tashkil etish tubdan o‘zgartiriladi (xususiy maktablarga ruxsat beriladi). O‘qituvchilarga o‘z mutaxassisligidan tashqari boshqa fanlardan dars berish va sinf rahbarligini biriktirish tartibi bekor qilinadi. Sinf rahbarligi faqat «Tarbiya» fani o‘qituvchilari zimmasiga yuklatiladi.

O‘qituvchilarga ish xaqi kamera kuzatuvlari asosida hisoblanadigan reyting ballariga muvofiq belgilanadi. Bunda eng yaxshi dars bergan o‘qituvchi yuqori, sifatsiz dars bergan o‘qituvchi kam maosh oladi. 10 yil va undan ortiq o‘qituvchilik faoliyati bilan shug‘ullangan pedagogga oylik maoshining 50 foizini ustama sifatida qo‘shib berish tizimi joriy etiladi. Shuningdek, o‘qituvchilarga 50 yoshdan nafaqaga chiqish huquqi beriladi.

2. «Ta’lim inspeksiyasi» Oliy Majlis huzurida qayta tashkil qilinadi.

«„Ta’lim inspeksiyasi“ bog‘chalarda, maktablarda, OTMdagi holat ta’lim jarayonlarining qanday ketayotganligini kuzatish va to‘g‘ri baho berishga mas’ul bo‘lgan, Vazirlar Mahkamasiga bevosita bog‘liq bo‘lgan idora. Ular ta’lim jarayonlaridagi kamchiliklarni Vazirlar Mahkamasida muhokama qilib, ularni bartaraf qilish uchun yechim taklif qilishyaptimi? Ehtimol, taklif qilishayotgandir. Lekin, aybdor ham, aybini aniqlovchi idora ham bir joyda bo‘lgandan keyin, albatta u yerda kelishuv bo‘lishi muqarrar. Aynan shu sababli biz, ta’lim va tarbiya jarayonlarini kuzatuvchi idora sifatida ta’lim inspeksiyasini Vazirlar Mahkamasi emas, balki Oliy Majlis huzurida bo‘lishi, xalq tomonidan ishonch bildirilgan vakillar oldida muntazam hisobot berib borishini juda ham muhim deyu hisoblaymiz», — deydi nomzod.

Ta’kidlanishicha, inspeksiya vakolatlari va ular uchun mehnat sharoitlari tubdan o‘zgartiriladi. Inspeksiya tarbiya va ta’lim jarayonlarini kuzatadi va Oliy Majlisga tizimli tarzda hisob beradi.

3. Oliy ta’lim davlat tasarrufidan chiqariladi.

  • Oliy ta’lim vazirligi tugatilib, prezident huzurida Rektorlar kengashi tashkil etiladi. Oliygohlar o‘z-o‘zini boshqarish tizimiga o‘tkazilib, OTMlarning raqobatbardosh faoliyat yuritishi uchun huquqiy asoslar yaratiladi.
  • Pedagoglar tayyorlash tizimi tubdan isloh qilinadi. Davlat sohada kadrlar tayyorlashning bosh buyurtmachisi sifatida bog‘cha va maktablarga yuqori malakali o‘qituvchi va tarbiyachilar tayyorlash tizimini to‘la moliyalashtiradi.

«Oliy ta’lim vazirligi OTMlarini boshqaruvchi bir idora sifatida ularni rivojlanishiga to‘sqinlik qilyapti deb hisoblaymiz. Chunki bu administrativ resurs sifatida ularni boshida turuvchi, to‘sqinlik qiluvchi idoraga aylanib kolgan. Aynan shu sababli har bir universitetlarni, OTMlarni o‘z boshqaruvi, o‘z saylov tizimlari va o‘z metodikalari asosida mutaxassislar tayyorlash imkoniyati bo‘lishi kerak», — dedi Alisher Qodirov.

4. Tarbiyaning ajralmas qismi sifatida Milliy kinoindustriya isloh qilinadi.

Buning uchun soha vakillarining malaka oshirishlari, sohaga xorijdan tajribali mutaxassislarni jalb etish, milliy, tarixiy va zamonaviy filmlarni suratga olish uchun qulay sharoitlar yaratiladi.

Ikkinchi yo‘nalish. Davlat boshqaruvi tizimida

1. Saylov tizimini isloh qilish. Vakillik organlariga saylovlarda majoritar va proporsional tizimlardan foydalanish uchun huquqiy asoslar yaratiladi:

  • mojaritar, proporsional saylov tizimini joriy etish orqali siyosiy partiyalarning parlamentdagi rolini kuchaytiriladi;
  • parlamentda deputat emas, partiyalarning kuchli bo‘lishi uchun tizim yaratiladi;
  • qonunchilik palatasida deputatlar soniga qarab, vazirliklar portfeli taqsimlanadi.

«Biz saylov tizimida o‘zgarishlarni amalga oshiradigan bo‘lsak, ya’ni bugungi kundagi saylov tizimi emas, jahonda muvaffaqiyat bilan amalga oshirilayotgan majoritar va proporsional saylov tizimlari qorishmasidan iborat bo‘lgan bir saylov tizimini agar joriy qiladigan bo‘lsak, bunda partiyalar o‘z g‘oyasini ilgari suradi va parlamentda partiya sifatida saylovchilar oldida javob beradi hamda deputatlar oldiga vazifa qo‘yadi. Aynan o‘sha holatda saylovchilar roziligini yoki noroziligini deputatga emas, bevosita partiyaga bildiradi», — deya ta’kidladi Alisher Qodirov.

2. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining vakolatlari va faoliyati qayta ko‘rib chiqiladi:

  • mahalliy kengash raisining bir vaqtning o‘zida xokim bo‘lishi tajribasi batamom tugatiladi;
  • mahalliy kengashlarning ijro xokimiyatini shakllantirishdagi roli va nazorat qilish funksiyalari keskin kuchaytiriladi;
  • mahalliy kengash deputatining deputatlikdan boshqa vazifani egallashi mumkinligi to‘g‘risidagi tartib bekor qilinadi.

«Mahalliy budjetlarni tasdiqlash hokimning xohishi bilan emas, xalqning xohishi bilan, mahalliy kengash qarori orqali amalga oshiriladigan bo‘ladi», — dedi «Milliy tiklanish» nomzodi.

3.Sud-huquq tizimida tub islohotlar o‘tkaziladi:

  • tizimli o‘zgarishlar sud hokimiyatida adolatni kafolatlash tizimini yaratish, tizimda «qon almashinuvi» jarayonlarini tezlashtirish hamda sohaga yangi avlod vakillarini jalb etish orqali amalga oshiriladi;
  • mustaqil tergov qo‘mitasi tashkil etilib, hech kimga bo‘ysunmaydigan mustaqil organ faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Tergovni xolis, haqqoniy, shaffof va halol olib borish ta’minlanadi;
  • jazoni ijro etish muassasalari Ichki ishlar vazirligidan Adliya vazirligiga o‘tkaziladi. Jazoni ijro etish muassasalaridan jazoni o‘tab, ozodlikka chiqqan fuqarolarning jamiyatga tez va samarali moslashishi uchun huquqiy asoslar kuchaytiriladi;
  • advokatlik instituti isloh qilinib, jozibali advokatura tizimi shakllantiriladi. Sohaga doir qonunchilik asoslari takomillashtiriladi. Moliyaviy imkoniyati cheklangan fuqarolar murojaat qila oladigan, bunda davlat subsidiyalarini ko‘zda tutadigan yangi institut tashkil etiladi.

«Bugungi kunda sud tizimida barcha qonuniy talablar amalga oshirilgan bo‘lishiga qaramasdan, sud adolatli insonlarni qo‘ygan talabiga javob bera olmayapti. O‘ylaymizki, bu kadrlar bilan bog‘liq bo‘lgan masala», — deydi Alisher Qodirov.

Uchinchi yo‘nalish. Mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha

1. Mamlakat iqtisodiyotida davlat ishtirokini tugatish bo‘yicha 5 yillik davlat innovatsion dasturi qabul qilinadi:

  • birinchi navbatda, monopoliyalar tugatiladi. Davlatning iqtisodiyotdagi rolini keskin tugatish bo‘yicha aniq choralar belgilanib, davlat ulushi bor korxonalarda transformatsiya jarayonlari amalga oshiriladi. Davlat budjetiga ortiqcha yuk bo‘layotgan korxonalarning davlat ulushi strategik investorlarga sotiladi;
  • har qanday imtiyoz va preferensiyalar istisnosiz faqat qonun bilan belgilanadigan tizim yaratiladi. Iqtisodiyotda barcha uchun teng imkoniyat va sharoitlar yaratilishiga erishiladi. Prezident farmonlari va Hukumat qarorlari bilan imtiyozlar va preferensiyalar berish an’anasiga chek qo‘yiladi;
  • kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xususiylashtiriladi. Kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi tomon manfaatdor xizmat ko‘rsatuvchi tomon sifatida qayta tashkil etiladi. Kommunal xizmatlar ko‘rsatishda xususiy tadbirkorlarga ustuvor imkoniyatlar yaratiladi.

«Biz energiya sotish tizimini davlat tasarrufidan chiqarish tarafdorimiz. Bugun gaz ishlab chiqaruvchi kompaniya davlat bo‘lishi mumkin, lekin agar sotuvchi kompaniya bozor tizimlari asosida iste’molchilar bilan muloqotni yo‘lga qo‘yadigan bo‘lsa, ular hech qachon mahsulotni tannarxida pastga sotishga rozi bo‘lmaydi. Aynan shu sababli ular daromad ko‘rib, infratuzilmani ta’mirlangan tutib, aholini doimiy elektr bilan ta’minlaydi», — dedi Alisher Qodirov.

2. Amaldagi tizimga muqobil tarzda islom moliyalashtirish tizimi joriy qilinadi:

  • fuqarolik Kodeksi va «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonunga «foizsiz munosabatlar» tushunchasini kiritish;
  • o‘z kapitaliga ega bo‘lgan va e’tiqodi sababli amaldagi bank va moliya tizimi bilan hamkorlik qilmayotgan tadbirkorlar qatlamining o‘z sarmoyasi bilan mamlakat iqtisodiyotiga hissa qo‘shishi, iqtisodiy tizimda faol ishtirok etishi uchun zamin yaratiladi;
  • 2026 yilgacha kapital amnistiyasi, tadbirkorlarga esa soliq amnistiyasi e’lon qilinadi.

«Agar biz barcha tadbirkorlarga 2026 yilgacha soliq amnistiyasini e’lon qilsak va barcha mana shunday kamchiliklarni bartaraf qilish uchun imkoniyat beradigan bo‘lsak, o‘ylaymanki hufiyona iqtisodiyotning O‘zbekiston iqtisodiyotidagi o‘rni keskin kamayadi va barchasi shaffof, ochiq mehnat qilishni xohlaydi», — deya ta’kidlab o‘tdi prezidentlikka nomzod.

«O‘zbekistondan tashqarida bo‘lgan vatandoshlarimizning har qanday moliyaviy resurslari, investitsiyalarini O‘zbekistonga olib kirilgandan keyin uning manbalarini surishtirishni to‘xtashimiz kerak. 2026 yilgacha agar biz mana shunday kapital amnistiyasini e’lon qilsak, bugungi kunda xorijdagi juda ko‘p mablag‘larni O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilish uchun bir imkoniyat yaratgan bo‘lamiz», — qayd etdi Alisher Qodirov.

3. Ish beruvchilar uchun xodimlarni majburiy sug‘urtalash tizimi joriy qilinadi:

  • ishchi xodimlarning ijtimoiy muhofazasi ta’minlanadi. Mehnat shartnomasida xodimning sog‘lig‘idan tortib, ijtimoiy talablarigacha bo‘lgan barcha holatlar kafolatlanadi.

4. Kam ta’minlangan aholini qo‘llab-quvvatlashning qadriyatlarga tayangan yangi tizimi joriy etiladi:

  • ehson, xayriya, homiylik, zakot kabi qadriyatlarni qo‘llagan fuqarolarni rag‘batlantirish, jumladan davlat mukofotlariga tavsiya qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
  • kam ta’minlangan oila a’zolarini ish bilan ta’minlagan tadbirkorlarga soliq imtiyozlari berish tartibi joriy etiladi.

«Ijtimoiy ko‘makni qadriyatlarga tayangan tizimini shakllantirish. Birgina misol, bizning muqaddas dinimizda zakot, hayr ehson, homiylik degan tushunchalar bor. Ayrim holatlarda bu ehsonlar, bu harakatlar ya’ni imkoniyati bor bo‘lgan fuqaroning imkoniyati kam bo‘lgan fuqaroga yordam berishi majburiyat darajasida hatto shakllantiriladi», — dedi nomzod.

«Bugun o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan oilalarga yordam beradigan fuqarolarni, qo‘ni-qo‘shnilarga yordam beradiganlarni rag‘batlantirish mexanizmini qonunchilikka kiritirishimiz kerak», — deya qo‘shimcha qildi u.

To‘rtinchi yo‘nalish. Ijtimoiy adolat, qadriyatlarga hurmat va fuqaro erkinliklarini ta’minlash sohasida

1. Milliy urf-odat, an’analar, shakllangan qadriyatlarga hurmatsizlik uchun javobgarlik joriy qilinadi:

  • O‘zbekiston Konstitutsiyasi milliy urf-odatlar, an’ana va xalqimizda shakllangan qadriyatlarga nisbatan hurmatsizlik uchun ma’muriy javobgarlikka doir normalar bilan to‘ldiriladi.

2. «Islom dini — ma’rifat manbai» davlat dasturi qabul qilinadi.

  • islomiy ta’lim muassasalariga qabul kvotalari oshiriladi;
  • Qur’on kurslari ommalashtiriladi;
  • dinshunoslik sohasidagi ilmiy ishlar rag‘batlantiriladi;

3. O‘zbek tili keng qo‘llaniladigan, zamonaviy taraqqiyotga uyg‘un tilga aylanishi uchun huquqiy asoslar kuchaytiriladi.

  • o‘zbek tilida ish yuritadigan boshqa millatli fuqarolar maoshiga 25 foizgacha ustama to‘lanadi;
  • sohaga aloqador ilmiy adabiyotlardan birini o‘zbek tiliga tarjima qilish ilmiy unvon olishning sharti sifatida kiritiladi;
  • o‘zbek tilini bepul o‘rgatish kurslari uchun subsidiyalar ajaratiladi.

4. So‘z erkinligi va jamiyatni demokratlashtirish davom ettiriladi:

  • OAVlar qo‘shimcha qiymat solig‘idan to‘laligicha ozod qilinadi.
  • 50 ming ovoz jamlagan murojaat bo‘yicha Prezidentning OAVda shaxsan munosabat bildirishiga oid tizim yaratiladi.

5. Xalq qabulxonalari bepul yuridik maslahat markazlariga aylantiriladi:

  • har qanday murojaatga huquqiy baho berish tizimi yaratiladi. Xalq qabulxonalari ma’muriy sudlov tizimiga integratsiya qilingan sudning birinchi bosqichi sifatida fuqarolarga konsultativ xizmatlar ko‘rsatadigan tizimga aylantiriladi;
  • jismoniy shaxslarning sudga murojaati uchun davlat boji undirish amaliyoti bekor qilinadi.

6. Aliment fondi tashkil etiladi.

  • 3 oy ichida to‘lanmagan alimentlar fond tomonidan to‘lanadi va aliment to‘lovchining ozodligini cheklash yoki mehnatga majburlash orqali qoplanadi.

«Aliment fondiga ma’lum bir ajratmalar, homiylik mablag‘laridan tashkil etilgan bir fondda agar shu aliment to‘lovchining imkoniyati bo‘lmasa, farzandning ehtiyojlarini qondirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘ni aliment fondidan to‘lash va aliment to‘lash majburiyati zimmasida bo‘lgan shaxsni kerak bo‘lsa erkini cheklash, kerak bo‘lsa majburiy mehnat qilish orqali fonddan to‘lab berilgan mablag‘ni joyini qoplab qo‘yish kabi masalani o‘z ichiga oladi», — ta’kidladi «Milliy tiklanish» nomzodi.

Beshinchi yo‘nalish.Tashqi siyosat sohasida

  • O‘zbekiston Konstitutsiyasiga mamlakat suverenitetiga ta’sir ko‘rsatadigan va milliy qadriyatlarni kamsitadigan loyihalarda ishtirok etishni ta’qiqlovchi norma kiritish tashabbus qilinadi.
  • Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish tezlashtiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida nafaqat iqtisodiy manfaatlar, balki qadriyatlariga mos bo‘lmagan har qanday iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy hamkorliklarga yo‘l bermaydigan norma aks ettiriladi.
  • Markaziy Osiyo keng qamrovli integratsion hamkorlik maydoniga aylantiriladi. O‘zbekiston tashqi siyosatida eng muhim ustuvor yo‘nalish sifatida Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan Afg‘oniston bilan ham yaqin iqtisodiy va siyosiy munosabatlar yo‘lga qo‘yiladi.
  • «Xorijdagi o‘zbeklar muloqot klubi» tashkil etilib, dunyoning turli hududlarida istiqomat qilayotgan o‘zbeklar bilan muloqot maydoni yaratiladi. Xorijdagi o‘zbeklarni qo‘llab-quvvatlash fondi, Milliy o‘zbek qadriyatlarini targ‘ib qilish jamg‘armalari tashkil etiladi.

«Agar mamlakatimiz taqdiri uchun muhim bo‘lgan bu jarayonda menga ishonch bildirsangiz, ishonchingizni oqlash uchun birgalikda sizlar bilan mamlakatimizni o‘zgartirishga, borimni berishga va’da beraman. O‘ylaymanki, biz birgalikda mamlakatimizni o‘zgartirib, rivojlangan davlatga aylantiramiz», — deya o‘z so‘zlarini yakunladi Alisher Qodirov.