Respublika «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan prezident saylovlari bo‘yicha telefon orqali so‘rovning to‘rtinchi bosqichi natijalarini e’lon qildi. So‘rov 30 avgustdan 10 sentabrgacha o‘tkazilgan bo‘lib, unda respublikaning barcha hududlari aholisi qatnashgan.

«Siz mamlakatning ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotini kuzatib borasizmi» degan savolga aksariyat fuqarolar ijobiy javob berdilar, shulardan 47,9% respondentlar mamlakatda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar bilan doimiy ravishda, 40,2% so‘ralganlar esa vaqti-vaqti bilan qiziqadi.

Tadqiqotni o‘tkazish vaqtida 91,8% o‘zbekistonliklar prezident saylovlari bo‘lib o‘tishidan xabardor edi. So‘rov natijalarining tahlili saylovoldi kampaniyasining borishini so‘ralganlarning yarmidan sal ko‘prog‘i — 60,5% kuzatib borishlarini ko‘rsatdi.

Telefon so‘rovi davomida aniqlanishicha, 71,2% respondentlar uchun saylovoldi kampaniyasining borishi va bo‘lajak saylovda ovoz berishga tayyorgarlik haqidagi axborotning eng ommabop manbasi O‘zbekiston davlat televideniyesi hisoblanadi. Ushbu reytingda internet ikkinchi o‘rinda bo‘ldi, 46,5% so‘rov ishtirokchilari bo‘lajak saylov yangiliklari bilan internet orqali tanishadilar. 32,8% respondentlar uchun saylovoldi kampaniyasining borishi haqidagi asosiy axborot manbasi mamlakat nodavlat televideniyesi kanallari hisoblanadi.

So‘rov natijalari tahlili shuni ko‘rsatdiki, jamoatchilik fikrida saylovoldi jarayonining bevosita ishtirokchilari o‘rtasidagi ochiq telemunozaralar prezidentlikka nomzodlarning siyosiy dasturlari haqida ma’lumot olishning eng jozibali shakli hisoblanadi. Ushbu fikrga telefon so‘rovining 46,5% ishtirokchilari qo‘shilishdi. 21,7% respondentlar nomzodlarning ishonchli vakillari ishtirokidagi tok-shoularga qiziqish bildirdi. So‘rov ishtirokchilari ularga mustaqil ekspertlar, olimlar, tahlilchilarning bo‘lajak siyosiy voqea hamda nomzodlar va ularning siyosiy ustuvorliklari haqidagi fikrlari, shuningdek, nomzodlarning saylovchilar bilan bevosita uchrashuvlari qiziqarli ekanligini ta’kidladilar.

So‘rov ishtirokchilarining aksariyati — 87,4 foizi uchun navbatdagi prezidentlik muddati davomida «mamlakatni boshqarishni kimga ishonib topshirishni istashlarini shaxsan hal qilishlari ustuvor hisoblanadi», deyiladi «Ijtimoiy fikr» natijalarida.

Shu bilan birga so‘rov ishtirokchilari tadqiqot davomida nomzodlarning saylovoldi dasturlari bilan to‘liq tanishishga hali ulgurmaganliklari, ularning dasturiy maqsad va vazifalari haqida faqat umumiy tasavvurga ega ekanligini ta’kidladilar.

«O‘zbekistonliklar uchun ovoz berish mamlakat, jamiyat, har bir fuqaro hayotidagi muhim ijtimoiy-siyosiy voqea hisoblanadi, ular mazkur voqeani mamlakatda demokratik, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, tinchlik va barqarorlikni saqlash, jamiyat hayotining barcha sohalarini modernizatsiyalash va liberallashtirish, O‘zbekiston xalqlarining farovonligini oshirish jarayonlari bilan bog‘laydilar», — deyiladi markaz xabarida.

So‘rovning oldingi, uchinchi bosqichi 29 iyuldan 13 avgustgacha o‘tkazilgan.