Jazoir Marokash uchun o‘z havo makonini yopdi

Jazoir prezidenti Abdelmajid Tebbun mamlakat havo hududi Marokash aviatsiyasi uchun yopilishini e’lon qildi. «Oliy xavfsizlik kengashi mamlakatning havo maydonini barcha — fuqarolik va harbiy samolyotlar, shuningdek Marokashda ro‘yxatdan o‘tgan samolyotlar uchun zudlik bilan yopishga qaror qildi», deyiladi rasmiy bayonotda. — Interfaks.

24 avgust kuni Jazoir Marokashni davom etayotgan «harbiy harakatlar»da ayblab, mamlakat bilan diplomatik aloqalarni uzishga qaror qilgan edi.


Ukrainada oligarxlar to‘g‘risida qonun qabul qilindi

Oliy Rada oligarxlarning ta’siri bilan bog‘liq milliy xavfsizlikka tahdidlarning oldini olish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi. Ushbu hujjat uchun 450 nafar deputdan 279 nafari ovoz bergan.

Qonun loyihasida ijtimoiy hayotda muhim iqtisodiy yoki siyosiy vaznga ega bo‘lgan shaxslar (oligarxlar) reyestrini tuzish, shaxslarni reyestrga kiritish tartibini va bunday kiritish oqibatlarini belgilash, davlat xizmatchilarining ushbu reyestrga kiritilgan shaxslar bilan aloqalarni deklaratsiyalash taklif etiladi.

Qonunga ko‘ra, Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (MXMK) tomonidan tuziladigan va yuritiladigan oligarxlar reyestriga quyidagi shartlardan uchtasiga ega shaxslar kiritiladi: OAVga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatish, siyosiy hayotda ishtirok etish, monopol kompaniyaga benefitsiar egalik qilish va eng kam yashash miqdorining 1 mlndan ortiq baravariga teng boylikka egalik (joriy kurs bo‘yicha taxminan 83 mln dollar).

Hujjat, shuningdek, bu fuqarolarga siyosiy partiyalarni qo‘llab-quvvatlashga badal to‘lash va katta xususiylashtirish jarayonlarda xaridor sifatida qatnashishni taqiqlaydi. Bundan tashqari, hokimiyat vakillari va katta aktivlarga ega bo‘lgan shaxslar o‘rtasidagi uchrashuvlar va boshqa munosabatlar tartibga solinadi, reyestrga kiritilgan shaxslar uchun bunday aloqalar to‘g‘risida deklaratsiyani taqdim etish shart bo‘ladi. Hujjatning amal qilish muddati o‘n yil.

Bunday qaror Ukrainadagi oligarxik tizimni yo‘q qilish yo‘lidagi birinchi qadam bo‘lishi mo‘ljallangan. Uning asosida monopoliyaga qarshi qonunlar, lobbichilik to‘g‘risidagi qonun va mamlakatdagi iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlarni isloh qiladigan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. — TASS.

Iyun oyida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Oliy Radaga ushbu qonun loyihasini taqdim etgan edi.


AQShga evakuatsiya qilingan afg‘on qochqinlari yomon sharoitlarda yashashmoqda — OAV

The Hill’ning Wisconsin State Journal’ga tayanib xabar berishicha, Fort-Makkoy bazasidagi afg‘on qochqinlari yaxshi isitilmaydigan binolarda yashashmoqda. Bundan tashqari, oziq-ovqat yetishmovchiligi va toza kiyim olish imkoni yo‘qligi haqida aytilmoqda. Qochqinlarning ko‘pchiligi bir necha hafta oldin AQShga olib kelingan kiyimdadir, deb yozmoqda nashr.

Ba’zi qochqin ayollarning aytishicha, ular uchun ovqat qolmagani haqida eshitish uchun soatlab, ba’zan soat oltigacha kutish kerak. Shuningdek, ular sobiq afg‘on harbiy xizmatchilari tomonidan tahqirlash holatlari haqida xabar berishgan.

AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin bazada joylashtirilgan 12,5 ming nafar afg‘on qochqini oziq-ovqat va kiyim-kechakka muhtoj ekanligi va sovuq binolarda yashashidan xabardor, deb yozadi The Hill Pentagon vakili Jon Kirbiga tayanib. «Biz, albatta, bundan xabardormiz. Biz bunga [xabarlarga] juda jiddiy qaraymiz», — dedi Kirbi. Shu bilan birga, vakil Pentagon muammoni qanday hal qilishi haqida aytmadi.

«Biz bularning barchasini kuzatyapmiz. Biz bu odamlar va ularning oilalari uchun munosib sharoitlar yaratish uchun javobgarmiz» — dedi Kirbi. Binolar nega isitilmayotgani to‘g‘risidagi savolga, u «vaziyatni to‘g‘rilash choralari ko‘rilmoqda», deb javob berdi.

Shuningdek:

  • AQSh ochlikka qarshi kurashish va dunyoning oziq-ovqat tizimini mustahkamlash uchun jami 10 mlrd dollar ajratadi, bu mablag‘ning yarmi mamlakatning o‘zida shunday ehtiyojlarga sarflanadi va yana 5 mlrd dollar boshqa davlatlarga beriladi.
  • Mamlakat Venesuela xalqiga 336 mln dollarlik yordam ko‘rsatadi. 247 mln dollar insonparvarlik yordami sifatida, 89 mln dollar esa ijtimoiy zaif venesuelaliklarning ehtiyojlarini qondirish uchun iqtisodiy va taraqqiyot yordami shaklida beriladi. Shuningdek, Qo‘shma Shtatlar Myanma, Bangladesh va boshqa mamlakatlarda yashovchi rohinja millati qochqinlariga 180 mln dollarga yaqin qo‘shimcha gumanitar yordam ko‘rsatadi.

«Tolibon» o‘z jangarilari orasida «saflarni tozalashni» boshlaydi

«Tolibon» tez orada o‘z jangarilari orasida toliblar tamoyillariga zid bo‘lgan harakatlarni aniqlash choralarini ko‘rishni boshlaydi. Xabarga ko‘ra, «Afg‘oniston Islom Amirligi» (AIA) maxsus komissiyasi saflarni tozalash bilan shug‘ullanadi. Harakat a’zolari og‘ir jazoga tortilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar orasida, xususan, axloqsiz harakatlar, korrupsiya, shaxsiy adovat, odamlarni talon-toroj va ta’qib qilish belgilangan.

Harakat rahbariyatining maxsus farmoni ikki hafta ichida qabul qilinishi mumkin va u AIAning barcha kuch tuzilmalariga, shu jumladan razvedka, Ichki ishlar va Mudofaa vazirliklariga yuboriladi. — TASS (Shamshad TV).

Shuningdek:

  • «Tolibon» qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va irrigatsiya vaziri lavozimiga Mavroviy Abdurrahmon Rashidni (Faryob viloyatidan) tayinladi. Uning o‘rinbosarlari Mavlaviy Sadr A’zam (Paktiya viloyatidan) va Mavlaviy Otaulloh Omri (Faryob viloyatidan) bo‘ladi.