«Biznes yuritish» (Doing Business) hisobotlarining chiqishiga mas’ul bo‘lgan jamoa a’zolari va Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi faoliyatini boshqaradigan shaxslar «O‘zbekiston protokoli» deb nom olgan amaliyot ishlatilganidan bexabarlar. Bu haqda Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi «Gazeta.uz»ga yuborgan bayonotida ma’lum qildi.

«Doing business» 2018 va 2020 yillar bo‘yicha reytingidagi ma’lumotlarning nomuvofiqligi faktlari va holatlariga mustaqil tashqi sharh berish uchun jalb qilingan WilmareHale yuridik firmasining hisobotida bunday «protokol» mavjud bo‘lganligi va u Jahon bankining operatsion faoliyatiga qandaydir ta’sir ko‘rsatganligini tasdiqlovchi faktlar keltirilmagan, — deyiladi bayonotda.

16 sentabr kuni JB ijrochi direktorlar kengashi WilmerHale hisobotini e’lon qilishni ma’qulladi. O‘tgan yilning avgust oyida JB Doing Business reytingini e’lon qilishni 2018 va 2020 yilgi hisobotlardagi ma’lumotlarning o‘zgartirilganligi bilan bog‘liq xabarlar sababli to‘xtatib qo‘yganligini ma’lum qilgan edi.

WilmerHale hisobotida «O‘zbeksiton protokoli» deb nom olgan amaliyot qisqacha tilga olinadi. Shu bilan birga, Doing Business jamoasi a’zolari ushbu «protokol» haqida bilmasliklari, bu tasdiqlangan metodologik tamoyil emasligi ham qayd etilgan.

JB vakolatxonasining bayonotida shunday deyiladi: «Jahon banki so‘nggi yillarda O‘zbekistonning ochiq bozor iqtisodiyoti yo‘lidagi keng va ulkan maqsadli iqtisodiy transformatsiyasi doirasida ishbilarmonlik muhitini yaxshilash uchun amalga oshirilayotgan islohotlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu islohotlar ichki va tashqi savdoni erkinlashtirishni, tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatga olish va litsenziyalash tartibini soddalashtirishni, shuningdek, soliq tizimini rivojlantirishni o‘z ichiga oladi. Ushbu islohotlar natijasida ishbilarmonlik muhiti va davlat moliyaviy boshqaruvida o‘zgarishlar amalga oshdi».

2018−2019 yillarda mamlakatda «xorijiy kapital ishtirokidagi yangi ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik subyektlari va korxonalar sonining sezilarli o‘sishi kuzatildi. Shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hajmi oshdi, yangi korxonalar va daromad solig‘ini to‘laydigan shaxslarni ro‘yxatga olish esa yangi rekord ko‘rsatkichlarni qayd etdi», — deya ta’kidlaydi JB vakolatxonasi.