Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Toshkentdagi Romanovlar caroyi binosini rekonstruksiya qilish loyihasi amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.

Xabarda qayd etilishicha, 2019 yilda jamg‘arma Romanovning sobiq qarorgohini rekonstruksiya qilish va Davlat san’at muzeyi filiali binosiga joylashtirish bo‘yicha me’moriy loyihani ishlab chiqishni boshlagan.

Hozirgi vaqtda dastlabki konsepsiya tayyor va u ekspozitsiya rejasi, bino qanoti uchun me’moriy va rejalashtirish yechimi, yuz yillik daraxtlarni saqlagan holda, qo‘shimcha yashil maydonlarni ekish va mavjud favvoralarni tiklash bo‘yicha ishlab chiqilgan landshaft dizayni va texnik ishlanmalarni o‘z ichiga oladi.

«Konsepsiyaning asosiy g‘oyasi — jamoatchilik uchun ochiq maydon yaratish. Tashrif buyuruvchilar nafaqat muzey mehmoni bo‘lishlari, balki saroyning bog‘ hududida ham vaqt o‘tkazishlari mumkin», — deyiladi xabarda.

Saroyni qayta tiklash loyihasida O‘zbekistonlik mutaxassislar bilan birgalikda ishlaydigan Atelier Brückner kompaniyasi mutaxassislari jalb qilingan. Germaniya kompaniyasi murakkab ko‘rgazma loyihalari va doimiy muzey ekpozitsiyalari uchun arxitektura maydonlari konsepsiyalari va dizaynini ishlab chiqishga ixtisoslashgan.

Atelier Brückner muvaffaqiyatli bajarilgan loyihalari orasidan Myunxendagi BMW muzeyi (2008), Bryusseldagi «Bu Opera"(That's Opera) ko‘rgazmasi (2008), Augsburgdagi To‘qimachilik sanoati muzeyi (2010), Amsterdamdagi Milliy dengiz muzeyi (2011), Hemnitsdagi Davlat arxeologiya muzeyi (2015), Seuldagi Hyundai MotorStudio (2017) va Gizadagi Buyuk Misr muzeyi (2018) o‘rin olgan.

Knyaz Nikolay Konstantinovich saroyi 1891 yilda me’morlar Vilgelm Geynselman va Aleksey Benua tomonidan qurilgan. Ikki qavatli bu bino kulrang-sariq rangli pishgan g‘ishtdan ishlangan hamda murakkab hajmli va keng maydonli dizayn yechimiga ega. Saroy fasadlari nafis to‘rli panjaralar, derazalar va dekorativ kichik minoralar bilan bezatilgan. Kirish eshigi zinapoyaning har ikki tomonidan sof o‘lchamdagi it haykallari bilan qo‘riqlanadi, poydevorlarda bronza kiyiklar joylashgan.

1935 yilda bino Lenin nomidagi Pionerlar saroyi bo‘lgan. 1980-yillarda u qimmatbaho buyumlar kolleksiyasi namoyish etiladigan muzeyga aylandi. Mustaqillik davridan boshlab, bino O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Qabullar uyi sifatida xizmat qilgan.

2020 yilda binoning holati qandayligini aniqlash maqsadida fond arxivlangan ma’lumotlarni batafsil o‘rganib chiqdi. Tahlil davomida bino arxitekturasining aksar qismi asl tuzilishini saqlab qolganligi aniqlandi. Keyinchalik, tarixiy obyekt konstruksiyasining barqarorligini aniqlash uchun texnik tekshiruv o‘tkazildi.

Yangi filialda keyingi ekspozitsiyalarni joylashtirish uchun ekspertlar O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi fondidan yig‘ilgan san’at asarlari kolleksiyasini alohida o‘rganib chiqdilar. Bir vaqtlar saroyni bezab turgan marmar va bronzadan yasalgan haykallarga qo‘shimcha ravishda, G‘arbiy Yevropaning rassomchilik kolleksiyasi, chinni buyumlar, interer buyumlari va boshqa qimmatli san’at asarlarini muzeyga qaytarish rejalashtirilgan, deyiladi xabarda.