O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Xorazmda saylovchilar bilan uchrashuvda “propiska” va fuqarolik masalasi haqida gapirdi. Bu haqda O‘zLiDeP axborot xizmati xabar berdi.

“Men hayotimda ko‘p qiyinchiliklarni ko‘rganman. Uysiz yashash, uylanib bolam bilan ijarama-ijara yashash… Shuning uchun men ko‘p uy quraman. Bilamanki, bir paytlar Toshkentda „propiska“ olish azob edi, mumkin emasdi. Ikkinchi qarorim, Toshkentda „propiska“ olish hammaga… O‘zlaringiz ham sezyapsizlar, hozir Toshkentga borsangiz sizlar ham O‘zbekiston fuqarosisizlar. Nimaga poytaxtda yashashingiz mumkin emas? 10−15 yil institutda „kandidat nauk“ (fan nomzodi — tahr.) bo‘lmagunimcha kvartiram ham yo‘q edi, propiskam ham yo‘q edi. Bitta aybim — Toshkentda tug‘ilmaganim uchun edi. Nima degani bu? Adolat emas-ku bu”, — dedi prezident.

Uning ta’kidlashicha, davlat rahbari prezidentlik lavozimiga kelganida oddiy insonlar erkin yashashi uchun harakat qildi.

“Yoki fuqarolikka qabul qilish… Bu nima degan gap? 30 yil yashaydi O‘zbekistonda, fuqaro emas. Dunyo hamjamiyati ham bizga: „e, bu o‘zbeklar“… derdi. Biz bilan ko‘rishmas ham edi. Hozir hamma bizga talpinyapti. Biz bitta narsa qildik. Mening qilgan ishim 5 yilda, men inson qadrini 1-o‘ringa qo‘ydim”, — deya qo‘shimcha qildi u.

2020 yilning boshida “Gazeta.uz” parlament va hukumat vakillari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatnomasidan so‘ng mavjud propiska tizimini ochiq tanqid qila boshlagani haqida yozgan edi.

2020 yilning 1 aprelidan prezident farmoniga asosan Toshkent shahri va viloyatida ko‘chmas mulkka ega bo‘lishda fuqarodan doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish talab etish bekor qilindi, shuningdek, poytaxtda ro‘yxatdan o‘tmasdan yashash muddati 15 kunga uzaytirildi.

O‘sha yilning may oyidan boshlab “doimiy propiska” tushunchasi o‘rniga “doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish” tushunchasi kiritildi.