21 sentabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) administratori Samanta Pauer bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, suhbat chog‘ida O‘zbekiston va USAID o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning holati va istiqbollari muhokama qilindi. Afg‘onistondagi vaziyat va mamlakatda gumanitar inqirozning oldini olish bo‘yicha zarur yordam ko‘rsatishning ahamiyati xususida fikr almashildi.

Shuningdek, mamlakatda sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi sohasidagi dasturlarni amalga oshirish, sud-huquq tizimini takomillashtirish, O‘zbekistonning COVID-19`ga qarshi kurashini qo‘llab-quvvatlash borasidagi hamkorlikni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

USAID xabariga ko‘ra, Abdulaziz Kamilov va Samanta Pauer bir oy ichida bo‘lib o‘tadigan “O‘zbekistonda erkin va adolatli prezidentlik saylovlarining ahamiyatini muhokama qildilar”.

Avvalroq, USAID ma’muri Samanta Pauer O‘zbekistonga tashrif buyurishi haqidagi rejalarini ma’lum qilgan edi. Uning ta’kidlashicha, AQSh prezident Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston” haqidagi qarashlarini olqishlaydi.