Samarqand viloyati Qattaqo‘rg‘on tumanida qaynona va o‘g‘il marhum kelinni o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazishda ayblanmoqda. Ta’kidlanishicha, qaynonaning kelindan noroziligiga asosiy sabab ayolning ketma-ket qiz farzandlar ko‘rgani bo‘lgan. Bu haqda Zamon dasturi reportajida xabar berildi.

«Ular oiladagi arzimas sabablarni bahona qilib, ayolni yillar mobaynida tahqirlab kelgan. Bundan mutasaddilar va maktab jamoasi ham xabardor bo‘lgan», — deyiladi dasturda.

«Yarashtirish uchun men qo‘limdan kelgan hammasini qildim. Mahalla raisimizga bir necha marotaba murojaat qildim, telefon orqali, o‘zim yuzma-yuz kelib. Bugun to‘yim bor, ertaga gap-gashtim bor deydi. Uzoqligini bir oylarga cho‘zib ham yordam qilmadi», — deydi marhumaning eri.

Ma’lumotga ko‘ra, 2020 yilning noyabr oyida er ayolini yaqin qarindoshlariga tegishli do‘qondan qaynonasi nomiga qarz olganlikda ayblagan. Tanasining turli joylariga elektr kabeli, qo‘llari, oyoqlari bilan jarohat yetkazgan. Shuningdek, xotinini uyida davolanishiga ko‘ndirib, shu bilan jazodan qutulib qolgan.

«Yuziga, qo‘zini oldiga, yelkasini urganimni tan olaman. Keyin, uyning orqa tomoniga qochib, chopib chiqib ketdi. Shu yerda ozgina arqonga o‘xshagan narsa bor, shu bilan ham yelkasiga urganim rost», — deydi ayblanuvchi.

Dekabr oyidagi janjallarda qaynona kelinini urib, qaynoq suvni yuziga sepib yuborgan. «O‘g‘lim bilan umuman kelishmay qolmagan. Faqat men bilan kelishmadi. Faqat, yengiltabiat xarakteri bo‘lardi, shunchalar qo‘pol muomala qilardi menga. Men o‘zimdan o‘tganini o‘zim bildim» — deya ta’kidladi qaynona.

Dasturda aytilishicha, oilaning to‘ng‘ich qizi buvisi va dadasi tomonidan onasiga muntazam tazyiq o‘tkazilishiga chiday olmay, yashash uyi og‘ilxonasiga arqon bilan o‘zini-o‘zi osib qo‘ygan. Oradan 2 soat o‘tib, zo‘ravonliklardan to‘ygan ayol ham qizining yonida o‘z joniga qasd qilgan.

«Bir marta bir inson qizing tinchmi deb so‘ragani yo‘q. Shu orada ham ketdi, uyim deb, joyim deb, ketdi qizim», — deydi marhuma ayolning onasi.

Prokuror ushbu holat bo‘yicha ichki ishlar organiga qonuniy baho berishini aytdi. Sabab, ayolga himoya orderi berilgan bo‘lsada, kuzatuvga olinmagan. «Tazyiqlar, bosimlar bo‘lib kelingani natijasida oilaning ikki nafar a’zolari, ulardan biri voyaga yetmagan 16 yoshli qiz va uning onasi o‘z joniga qasd qilish natijasida vafot etgan», — dedi prokuror.

Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi navbatda maktab direktori harakatlariga, mahalla qo‘mitasi, o‘sha mahalla raisi va uning o‘rinbosari hamda mutasaddilariga, bundan tashqari ichki ishlar organlarining ayollar huquqini himoya qilish bo‘limining mutasaddi xodimlariga nisbatan bu bo‘yicha huquqiy baho berilib, natijasi bo‘yicha qoniniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.

Qattaqo‘rg‘on tumanida bo‘lib o‘tgan ochiq sudda qaynona va o‘g‘il aybli deb topildi. Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 103-moddasi 2-qismi «a», «b» bandlari (moddiy tomondan yoki boshqa jihatlardan aybdorga qaram bo‘lgan va voyaga yetmagan shaxsga nisbatan o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) bilan aybli deb topilib, 7 yil ozodlikdan mahrum qilindi. Qaynona ham 4 yilga ozodlikdan cheklash jazosiga hukm qilindi.