Toshkent shahrining ikki tumanida kuchli ta’sir etuvchi dori vositalarini noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olindi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura Departamenti matbuot xizmati.

Departamentning Chilonzor tuman bo‘limi hamda IIV Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, «Y.P.» MCHJ norasmiy sotuvchilari O.L va M.Z.lar 2 dona «Regapen» nomli dori vositasini xaridorga 40 ming so‘mga sotgan vaqtida ushlangan. MCHJ ga qarashli dorixonadan tegishli hujjatlari bo‘lmagan 140 dona «Regapen», 94 dona «Zardeks», 99 dona «Selofen» va 10 dona «Tropikamid» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Xuddi shunday, Departament hamda DXXning Yakkasaroy tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ham aniqlangan. «Y.P» MCHJ dorixona norasmiy sotuvchisi F.X. 28 dona «Regapen» hamda 4 dona «Tropikomid» nomli dori vositalarini sotmoqchi bo‘lgan. Fuqarolar xaridorga jami 1 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186−3-moddasi (tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.