BMT bosh kotibi global rivojlanishga xalaqit berayotgan oltita «yirik ajratuvchi»ni nomladi

Insoniyat barqaror rivojlanishga erishish uchun oltita «yirik ajratuvchi»ni yengib o‘tishi kerak, deya ta’kidladi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish. Uning so‘zlariga ko‘ra, bular:

  • Tinchlikning yo‘qligi. Bosh kotib Falastin-Isroil kelishuviga erishish, Afg‘oniston, Yaman, Liviya, Myanma, Suriya va dunyoning boshqa qismlaridagi mojarolarni to‘xtatish kerakligini aytdi. «Harbiy to‘ntarishlar qaytmoqda. Xalqaro hamjamiyat o‘rtasida birlikning yo‘qligi [muammolarni hal qilishimizga] xalal bermoqda», — dedi Guterrish. Uning ta’kidlashicha, dunyoning ikkita yirik iqtisodiyoti raqobatlashar ekan, jiddiy iqtisodiy qiyinchiliklarni yengish mumkin emas.
  • Iqlim o‘zgarishi muammosi.
  • Mamlakatlar o‘rtasidagi tengsizlik. «Rivojlangan mamlakatlar pandemiyadan oldingi o‘sish sur’atlariga shu yilning oxirigacha erishar, ammo daromadi kam mamlakatlar esa yillar davomida ta’sir ostida qolishi mumkin», — dedi BMT bosh kotibi.
  • Gender masalalaridagi muammolar.
  • Internet tarmog‘iga teng sharoitda ulana olmaslik. «Aholining yarmi internetga ulana olmaydi. Biz 2030 yilgacha barchani [internetga] ulashimiz kerak», — dedi u.
  • Avlodlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar. «Bizning „umumiy kun tartibi“ dasturi doirasida dunyodagi 1,8 mlrd yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida ta’limni transformatsiya qilish bo‘yicha yuqori darajadagi konferensiya o‘tkaziladi», deya ta’kidladi bosh kotib.

Bundan tashqari, uning fikricha, insoniyat o‘z tarixida hali hech qachon hozirgi kabi xavf ostida bo‘lmagan. «Men bu yerda bong urishga keldim: dunyo uyg‘onishi kerak. Biz o‘pqon chegarasida turibmiz va noto‘g‘ri yo‘nalishda ketmoqdamiz. Bizning dunyo hech qachon hali bunday tahdid ostida bo‘lmagan», — deydi u. «[Bizning] birligimizga eng zarur bo‘lgan vaqtda harakat yetishmayapti», deya qo‘shimcha qildi u.


Ukrainada prezident yordamchisining mashinasi o‘qqa tutildi

Lesniki qishlog‘i yaqinida (Kiyev viloyati) Ukraina prezidentining birinchi yordamchisi Sergey Shefirning mashinasi o‘qqa tutildi, natijada mashina haydovchisi jarohat oldi, deb xabar berdi Ukraina Milliy politsiyasi. Hodisa soat 10:00 atrofida sodir bo‘lgan. Qayd etilishicha, mashinaga 12 ta o‘q kelib tushgan.

Mamlakat rahbari Vladimir Zelenskiy Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida so‘zga chiqishidan so‘ng darhol Kiyevga qaytishini ma’lum qildi. «BMT Bosh Assambleyasida so‘zga chiqishimdan so‘ng, men poytaxtga yo‘l olaman. Ochig‘ini aytganda, buning ortida kim turganini bilmayman. Hozircha. Bu kuchlar, ehtimol, ichki yoki tashqi. Ammo men ularni kuch deb hisoblamayman, chunki do‘stimning mashinasiga o‘rmondan o‘q bilan „salom“ yuborish ojizlikdir», — dedi u.

Prezident idorasi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyakning aytishicha, ushbu hujum oligarxlarning ijtimoiy jarayonlarga ta’sirini kamaytirish siyosatiga qarshi chiqish bilan bog‘liq.

Ukraina Milliy politsiyasi boshlig‘i Igor Klimenkoning aytishicha, hozirda huquq-tartibot idoralari suiqasdning uchta asosiy versiyasini ko‘rib chiqmoqda. Dastlabki ma’lumotlarning kelib tushishini hisobga olgan holda, politsiya «jabrlanuvchining davlat faoliyati bilan bog‘liq holda, mamlakatning yuqori rahbariyatiga bosim o‘tkazish» versiyasini ko‘rib chiqmoqda. Yana bir versiya — Ukrainadagi siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga urinish, deydi u. Uchinchi versiyada bu hodisaga xorijiy razvedka xizmatlarining ishtiroki tekshiriladi.


Namibiyada namoyishchilar Germaniyadan genotsid uchun 9 mlrd dollar to‘lashni talab qilishdi

Namibiya poytaxti Vindxuk shahrida bo‘lib o‘tgan namoyishlarda, Germaniya tomonidan mustamlakachilik davrida sodir etilgan jinoyatlar uchun kompensatsiya to‘lovlarini 9 mlrd dollargacha ko‘paytirish talab qilindi.

Bloomberg’ning yozishicha, parlament binosi oldida muxolif partiyalar va harakatlar tomonidan bir necha yuz kishi ishtirokida norozilik aksiyasi uyushtirildi. Namoyish Namibiya parlamentida Germaniya hukumati tomonidan 1,1 mlrd yevro (1,3 mlrd dollar) miqdorida taklif qilingan kompensatsiya dasturi bo‘yicha bahs boshlanishi arafasida bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar milliy parlament rahbariyatiga Germaniyadan 9 mlrd dollar to‘lash talabi bilan petitsiyani topshirishdi.

May oyi oxirida Germaniya Namibiyaning tub aholisi genotsidini rasman tan olgan edi.


Dunyo hamjamiyati avval «Tolibon» hukumatini tan olsin, keyin esa tanqid qilsin — Zabihulla Mujohid

«Tolibon» matbuot kotibi Zabihulla Mujohid jahon hamjamiyatini «avval Afg‘oniston Islom Amirligi hukumatini tan olishga, shundan keyingina uning inson huquqlari siyosatini tanqid qilishga» chaqirdi. Bu haqda Geo TV xabar bermoqa.

U OAV vakillari bilan uchrashuvda, xorijiy derjavalar «Tolibon» hukumatini inson huquqlari buzilayotgani uchun tez -tez tanqid qiladilar, deb aytdi. «Biz bu bir tomonlama nuqtai nazar deb hisoblaymiz. Afg‘onistondagi „Tolibon“ ma’muriyatini tan olganlar, qonuniy ravishda yangi hukumat bilan muammolarni ko‘tarishlari mumkin. Ular Afg‘oniston hukumatini tan olganlaridan keyin bu muammolarni hal qilishga harakat qilamiz», — dedi Mujohid.

Zabihulla Mujohid, shuningdek, harakat Afg‘onistonning ichki ishlariga hech bir mamlakat aralashishini istamasligini aytdi.

Shuningdek:

  • «Tolibon» Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari safiga korrupsiyaga aloqador, shuningdek axloqsiz xatti-harakatlarda ayblangan shaxslarni kiritmaslikka ko‘rsatma berdi.
  • Afg‘onistondagi shia ozchilik vakillari — hazoralar jamoasi, agar toliblar va’dalarini bajarmasa va zulmdan tiyilmasa, ular bilan qurolli to‘qnashuvga qaytadi, deya ma’lum qildi Afg‘oniston sobiq vitse-prezidenti, hazara jamoasining yetakchisi Muhammad Karim Xaliliy.
  • «Tolibon» harakati vakili Zabihulla Mujohid Afg‘onistonda ayollarning ta’lim olishi uchun «sharoit tayyorlanayotgani» va ayollar erkaklar bilan bir xil fanlarni o‘qishini ma’lum qildi. «Jinsiga qarab alohida dasturlar bo‘lmaydi va diplomlar dunyoda tan olinadi», — dedi u.

Shuningdek:

  • Hindiston bosh vaziri Narendra Modining samolyoti uch yil ichida birinchi marta Pokiston havo hududi orqali uchib o‘tishga ruxsat oldi. Avvalroq, Pokiston uch marta Hindiston prezidenti Ram Nath Kovind va bosh vazir Modining xorijiy davlatlarga parvozi paytida mamlakat havo hududidan foydalanishga ruxsat bermagan edi.
  • Germaniyalik ekologlar BMW va Mercedes-Benz avtomobil ishlab chiqaruvchilari ichki yonish dvigatellaridan voz kechishi uchun kompaniyalarni sudga berdi. Bundan tashqari, 2030 yilga kelib ishlab chiqaruvchilar ichki yonish dvigatelli avtomobillarni sotishni to‘xtatishi kerak.