Oliy Majlis deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayevning murojaati bilan Surxondaryo viloyati Denov tumani markazida noqonuniy kesib tashlangan 109 tup daraxt bo‘yicha yetkazilgan zarar miqdori qayta hisoblandi. Bu haqda deputat o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Mazkur masalada nima uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilmagani yuzasidan ichki ishlar vaziri va bosh prokurorga deputatlik so‘rovi kiritilgan. Chunki tabiatga yetkazilgan zarar 329 mln so‘mdan ortiq bo‘lib, bu ish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi kerak bo‘lgan.

Ichki ishlar vazirining so‘rovga javobida Denovdagi 109 tup daraxt kesib tashlanganida huquqbuzar yetkazgan zarar (65 mln so‘m) ko‘p miqdorni tashkil etmaganligi, 329 mln so‘m hisoblangan zarar Hukumat qaroriga asosan beshga ko‘paytirib chiqarilgan summa ekani, jinoyat ishi qo‘zg‘atishda birlamchi summa (65 mln so‘m) inobatga olinishi bois, jinoyat ishini qo‘zg‘atish rad qilinganini bildirilgan. Zarar miqdori 73 mln so‘mdan oshsagina jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi mumkin bo‘lgan.

65 mln so‘mlik zarar esa Ekologiya qo‘mitasining Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan hisoblab chiqilgan.

«Shundan so‘ng 109 ta daraxtga 65 mln so‘m to‘g‘ri kelishi asoslimi, degan savol bilan respublika Ekologiya qo‘mitasiga murojaat qildik. Qizig‘i shundaki, qo‘mita javobida bildirilishicha, zarar belgilangan tartibda qayta hisoblab chiqilganida miqdor 65 mln emas, 995 mln ekanligi ma’lum bo‘lgan», — deb yozadi deputat.

Rasul Kusherbayevning ta’sidlashicha, mas’ullar zarar summasi kamligini bahona qilib, jinoiy ish ochishdan qochishgan. Deputat zarar miqdori qo‘mitaning markaziy idorasi tomonidan rasman 995 mln so‘m ekanligi tasdiqlangach, holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasida yana bir bor ichki ishlar vaziriga murojaat qilgan.

«Ishqilib Ekologiya qo‘mitasining Surxondaryo viloyati boshqarmasiga bosimlar bo‘lmagan bo‘lsinda. Menimcha buyog‘iga boshqa „fortochka“ qolmadi. Endi natija va axborotni kutamiz», — dedi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi.