Foto: Bexzod Boltayev
11 yillik qarovsizlik
Buxorodagi teatrning eski binosi
avariyaviy holatdan chiqishini kutmoqda
Buxoro davlat musiqali drama va komediya teatri birinchi o‘zbek professional teatrlaridan biri. U 1921 yilda tashkil topgan bo‘lib, bu yil 100 yillik yubileyini nishonlaydi. Ammo teatrning eski binosi 11 yildirki taʼmirtalab holatda. Aprel oyida fotograf Bexzod Boltayev hudud madaniyati tarixining yemirilib ketayotganligi guvohi bo‘lgan edi. Oradan yarim yil o‘tibdi hamki, ahvol o‘nglanmadi: teatr tashlandiq holatda, ijodiy jamoa esa boshqa manzilda o‘z tomoshalarini qo‘yishga majbur. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti 3-bosqich talabasi Ziyoda Aloyiddin qizi teatrning eski binosi yangisidan nimasi bilan afzalligi va nega teatr avariyaviy holatdan hali ham chiqmaganligini o‘rgandi.

Suratlarni kattalashtirish uchun ularning ustiga bosing.

Sadriddin Ayniy nomidagi teatr binosi aholi ko‘p yashaydigan, turistik manzil bo‘lmish Buxoroning Eski shaharida joylashgan. Uning hovlisida abgorlashib borayotgan «O‘zingni sanʼatda sevma, o‘zingdagi sanʼatni sev» yozuvi bor. Ammo bu yerda hozir sanʼat yaratilmayapti.

Teatr binosi 450 o‘ringa mo‘ljallangan. 1921 yilga qadar bu binodan «Xalq uyi» (narodniy dom – revolyutsiyadan oldingi Rossiyada ommaviy madaniy-maʼrifiy muassasa – tahr.) sifatida foydalanib kelingan. 11 yil oldin teatr avariya holiga kelib, unda spektakllar namoyishining imkoni bo‘lmay qolgach, teatr faoliyati yangi binoga ko‘chirilgan.
Teatr direktori Gulnora Husenovaning aytishicha, eski binodagi namoyishlarni ham mahalliy aholi, ham sayyohlar tomosha qilish uchun kelishardi. Yetarlicha moliyalashtirish va to‘g‘ri ekspluatatsiya qilish orqali eski bino hali ko‘p yillar davomida tomoshabinlarni qabul qilishi mumkin edi, deb hisoblaydi teatr rahbari.
Uning taʼkidlashicha, butun teatr jamoasi bino rekonstruksiya qilinishini va yana u yerga ko‘chishni kutib turibdi. Sababi u haqiqiy teatr. Binoning akustikasi juda yaxshi. Sahnada rol ijro etgan aktyorning ovozi eng oxirgi — 450-odamgacha yetib boradi. Teatrning faoliyati hozir «Ko‘hna va boqiy Buxoro» majmuasidagi 700 tomoshabinga mo‘ljallangan binoda davom etmoqda. Biroq bu yerda aktyor mikrofonlar orqali gapirmasa ovozi hatto o‘rta qatorgacha ham yetib bormaydi.
«To‘g‘ri, hozirgi binomiz juda chiroyli, zamonaviy. Barcha texnikalar ham bor. Oldingi binoga qaytish xohishimiz borligini bilgach, ko‘pchilik tanishlar shunday joyni tashlab ketasizlarmi deb so‘raydi. Ammo aktyor uchun bulardan ham ko‘ra, ijrosi tomoshabinga yetib bora oladigan joy muhimroqda», — deydi teatr direktori.
Hozirda Sadriddin Ayniy nomidagi teatr joylashgan «Ko‘hna va boqiy Buxoro» majmuasi
Manba: Yandeks.Xaritalar
U eski binodagi tomoshabinlar uchun balkonlarni, orkestrlar yamasini va to‘la zalni eslaydi – «Ko‘hna va boqiy Buxoro»da bularning barchasi mavjud emas.

Gulnora Husenovaning so‘zlariga ko‘ra, teatr eski binoda faoliyat olib borganda tunda ham tomoshabinlar kelgan. Hatto o‘zbek tilini bilmagan turistlar spektakllarning oxirigacha o‘tirishgan. Teatr rahbari bunga sabab bino transport qatnovi uchun qulay manzilda joylashganligi ekanligiga ishonchi komil. Eski bino jamoat transportlari serqatnov bo‘lgan joyda joylashgan bo‘lsa, «Ko‘hna va boqiy Buxoro» shahardan uzilgan.
«Spektakllar namoyishiga kelmoqchi bo‘lgan tomoshabinlar yo‘l xarajatlari qimmatga tushadi. Ular bunga qo‘shimcha ravishda chipta ham sotib olishlari kerak. Afsuski, hamma ham o‘z kundalik xarajatlaridan orttirib, bunga pul ajratolmaydi», — deydi Gulnora Husenova.

Balki asl shinavanda uchun qancha xarajat ketishi, uzoq yoki yaqin masofaning farqi yo‘qdir. Ammo sanʼat xalqning «qo‘li yetadigan» joyda bo‘lishi kerak. Shundagina madaniyat darajasi o‘sishi mumkin.
реклама
реклама
Oz sonli tomoshabin uchun bir necha soat yoqilgan chiroqlar, ijroga tayyorgarlik jarayonlari va ijodiy jamoaga chakana mablag‘ sarflanmaydi. Sanoqligina sotib olingan chiptalar bilan bu xarajatlarni qoplab bo‘lmasligi kundek ravshan.

«O‘zining xarajatlarinida qoplamaydigan sanʼatni hech kim otaliqqa olmasligiga, bora-bora davlat hisobidan ham pul ajratilmay, faoliyati to‘xtab qolayotganiga ko‘p bora guvoh bo‘lyapmiz», – deydi direktor.
Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meʼros agentligi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Buxoro viloyatidagi 40 ta madaniy meʼros obyektlarini rekonstruksiya va restavratsiya qilish topshirig‘i berilgan. Ushbu ishlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Alohida muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan obyektlarni qurish, rekonstruksiya, restavratsiya qilish va mukammal taʼmirlash direksiyasi mablag‘lari hisobidan qilinishi belgilanib, mazkur ishlarga 15 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan. Ular orasida Sadriddin Ayniy nomidagi teatrning eski binosini restavratsiya qilish rejasi ham bor edi.

Agentlik matbuot xizmati teatr binosi qachon rekonstruksiya qilinishi mavhumligini taʼkidladi. Tashkilot Madaniyat vazirligi huzuridagi departamentdan Turizm vazirligi huzuridagi agentlikka aylantirilgani uchun jarayon uzoqqa cho‘zilmoqda.
Yuzlab ustoz sanʼatkorlar faoliyat yuritib, minglab shogirdlar yetishtirilgan ushbu dargoh qarovsiz qolishi va yovvoyi hayvonlar uchun makon bo‘lishini hech qanaqasiga hazm qilishning iloji yo‘q. Umid qilamizki, teatr ijodiy jamoasi va ularni sog‘ingan ko‘plab tomoshabinlar o‘zlari xohlagandek ushbu binoga qaytib, qaynoq sanʼat asarlarining yaratilishi davom etadi.

Ishonamizki, tez orada stollar ustiga majburan kiydirib qo‘yilgan, chang bosgan chexollar o‘rnini tomoshabinlar egallaydi, zulmatni chiroqlar yoritadi va sanʼat odamlarga yaqinroq bo‘ladi, chunki u xalqqa tegishli bo‘lishi kerak.
Matnni Ziyoda Aloyiddin qizi tayyorladi.
Fotosuratlar muallifi Bexzod Boltayev.

“Gazeta.uz” internet-nashri saytida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi, u haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting