Yirik shaharlarda, viloyatlar va tumanlar markazlarida tunu kun faoliyat yurituvchi savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari joylashgan hududlarda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida hukumat qarori qabul qilindi.

Hujjat tunu kun ishlaydigan savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari uchun jamoat tartibini himoya qilishning soddalashtirilgan talablarini belgilaydi.

Shu bilan birga, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Milliy gvardiyaga savdo va ko‘ngilochar ko‘chalarida qo‘shimcha patrullik yo‘nalishlari va postlarini tashkil qilish, xizmatga jalb qilingan otryadlar zichligini oshirish, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari mol-mulkini qo‘riqlash, har xil favqulodda holatlarning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish vazifasi topshirildi.

Bundan tashqari, Milliy Gvardiya va FVV yirik shaharlarda, viloyatlar va tumanlar markazlarida tashkil etiladigan savdo va ko‘ngilochar ko‘chalardagi tunu kun faoliyat yurituvchi savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarida tadbirkorlik subyektlari bilan shartnoma asosida mol-mulkini qo‘riqlash bo‘yicha muntazam ravishda targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etadi.

Qaror qabul qilingan kundan uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

May oyida yirik shaharlarda, viloyat va tuman markazlarida 1 sentabrga qadar savdo va ko‘ngilochar ko‘chalar yaratilishi, tadbirkorlar ularda kun-u tun faoliyat olib borishlari mumkin bo‘lishi haqida xabar berilgan edi.

sentabr oyi avvalida hukumat qarori bilan poytaxtdagi istirohat bog‘lariga tunu kun faoliyat yuritishiga ruxsat berildi.