Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istondan Xorazm viloyatiga ketayotib, dastlab Amudaryoda qurilayotgan ko‘prikni ko‘zdan kechirdi. Bu haqda davlat rahbari axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, prezident ushbu ko‘prik loyihasi bilan o‘tgan yili dekabrda Xorazmga tashrifi chog‘ida tanishgan, ko‘p o‘tmay uning qurilishi boshlangan. Bugungi kunda qirg‘oqlar temir-beton bilan mustahkamlanib, ko‘prikning tayanch ustunlari qurilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Loyihaning qiymati 174 million dollar bo‘lib, uning evaziga 80 kilometrlik temir yo‘l va Amudaryo ustida 413 metr uzunlikdagi ko‘prik barpo etiladi.

Prezident qurilish ishlarining borishini ko‘zdan kechirdi.

“Bu odamlar uzoq yillar kutgan loyiha. Endi yanada ko‘p yillar xalqimizga xizmat qilishi kerak. Shuning uchun birinchi o‘rinda sifat. Ajratilgan mablag‘ kichkina emas. Tajribali mutaxassislarni jalb etib, har bir jihatni o‘ylab, elimga, yurtimga deb qurish kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qo‘shimcha qilinishicha, ko‘prikning qurilishi Xorazm viloyati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi temir yo‘l masofasi 240 kilometrga, vaqti esa 6 soatga qisqartiradi.

“Mahalliy yuk tashish hajmi yiliga 12 million tonnadan 25 million tonnaga oshadi. Shuningdek, xalqaro tranzitlar uchun ham qulaylik kengayadi. Avtomobillar harakati yaxshilanib, aholining uzog‘i yaqin bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Loyiha “O‘zbekiston temir yo‘llari” ning mablag‘lari va kredit resurslari hisobiga amalga oshiriladi. Ko‘prik qurish ishlarini “Ko‘prikqurilish” tresti (“O‘zbekiston temir yo‘llari” tarkibiga kiradi) olib boradi.

Ko‘prik qurilishi 2022 yil sentabr oyiga yakunlanishi rejalashtirilgan.