22 sentabr kuni taxminan soat 3:30 da British Airways aviakompaniyasining BA260 reysi bilan Islomoboddan Londonga uchayotgan Boeing-777 samolyoti Toshkent aeroportiga favqulodda qo‘ndi. Bu haqda «Aviachayxana» Telegram-kanali xabar berdi, so‘ngra parvozlarni kuzatuvchi boshqa manbalar e’lon qildi.

Foto: twitter.com/RadarBox24.

Yo‘lovchilarning Tvitterda e’lon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘nishga 83 yoshli yo‘lovchi ayolning ahvoli yomonlashgani sabab bo‘lgan. U samolyot qo‘ngandan so‘ng ko‘p o‘tmay vafot etgan.

Reys yo‘lovchilari poytaxtdagi xalqaro aeroport terminaliga joylashtirilgan va kun bo‘yi o‘sha yerda bo‘lishgan. Samolyot texnik nosozlik sababli parvozni davom ettira olmagan.

Kunduz kuni British Airways Tvitterda ekipaj samolyotni ortga qaytarib, Toshkentga qo‘ndirganini tasdiqladi, biroq boshqa hech qanday tafsilotlarni keltirmadi.

Yo‘lovchilar aviakompaniyadan reysning qachon amalga oshirilishini ma’lum qilishini so‘rab, sukut sababli uni tanqid qilmoqdalar. Ayrimlar Pokiston va Buyuk Britaniya bosh vazirlariga murojaat qilgan.