Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 sentabrda BMT Bosh Assambleyasi 76-sessiyasi umumiy munozaralarining birinchi kunida videomurojaat bilan so‘zga chiqdi. Davlat rahbari o‘z nutqida Afg‘onistondagi vaziyatga alohida to‘xtalib, Afg‘oniston Markaziy Osiyoning ajralmas qismi ekanini qayd etdi.

«Bu davlatda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatilishidan nafaqat biz — qo‘shni mamlakatlar, balki butun dunyo manfaatdordir. Shu bois, biz afg‘on xalqiga hamisha qo‘ldan kelgan yordamni ko‘rsatmoqdamiz. Yaqinda o‘zbek-afg‘on chegarasini ochib, ushbu mamlakatga birlamchi zarur bo‘lgan oziq-ovqat, neft mahsulotlari va elektr energiyasi yetkazib berishni qayta tikladik», — dedi prezident.

«Hozirgi qiyin davrda Afg‘onistonni yakkalab, uni muammolar girdobiga tashlab qo‘yish mumkin emas», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili O‘zbekiston BMT huzurida Afg‘oniston bo‘yicha doimiy faoliyat yuritadigan qo‘mita tashkil etish taklifini ilgari surganligini eslatib o‘tdi.

«Afg‘on masalasida BMTning ta’siri va ovozi har qachongidan ham kuchliroq yangrashi lozim», — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev 17 sentabr kuni Dushanbeda Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida Afg‘onistondagi gumanitar vaziyatni hisobga olgan holda xorij banklaridagi afg‘on aktivlarini qaytarishni taklif qilgan edi.

14 sentabr kuni O‘zbekiston hukumati Afg‘onistonga 1,3 ming tonnalik insonparvarlik yordamini (oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va kiyim-kechaklar) yubordi.