“Yedinaya Rossiya” (“Yagona Rossiya) partiyasi 19 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan RF Davlat Dumasiga saylovlarda 49,82 foiz ovoz bilan yetakchiga aylandi, deb xabar berdi RIA Novosti.

Ikkinchi o‘rinni 19 foiz ovoz bilan RF Kommunistik partiyasi (KPRF), so‘ngra 7,49 foiz ovoz bilan Liberal-demokratik partiyasi (LDPR) egalladi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yetakchi beshlikdan “Spravedlivaya Rossiya — za pravdu” (“Adolatli Rossiya — haqiqat uchun”) — 7,42 foiz va “Noviye lyudi” (“Yangi odamlar”) — 5,35 foiz bilan o‘rin oldi.

“Yedinaya Rossiya"dan ko‘rsatilgan nomzodlar Davlat Dumasiga saylovlarda 199 ta o‘rin bilan birinchilikni saqlab qoldi. Shuningdek, KPRF a’zolari — 9 ta, “Spravedlivaya Rossiya” — 8 ta o‘ringa ega bo‘ldi.

RF Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, LDPR, “Rodina” (“Vatan”), “Grajdanskaya platforma” (“Fuqarolik platformasi”) va “Partiya Rosta” (“O‘sish partiyasi”) bittadan deputatlik o‘rnini qo‘lga kiritdi.

Mustaqil nomzodlar esa jami beshta o‘ringa ega bo‘ldi.

17−19 sentabr kunlari Rossiyaning to‘qqizta subyektida to‘g‘ridan-to‘g‘ri gubernatorlar saylovi o‘tkazildi. 39 da’vogar orasida 10 ta siyosiy partiya vakili va 1 ta mustaqil nomzod bor edi. Qonun bo‘yicha, nomzod g‘alaba qozonishi uchun 50% dan ortiq ovoz olishi kerak.

“Yedinaya Rossiya” vakillari 9 viloyatning 6tasida g‘olib bo‘lishdi: Ramzan Kadirov — Chechenistonda (99,7%), Vladislav Xovalig — Tivada (72,4%), Vyacheslav Gladkov — Belgorod viloyatida (78,79%), Artyom Zdunov — Mordoviyada (78,26%), Oleg Melnichenko — Penza viloyatida (72,38%) va Igor Rudenya — Tver viloyatida (52,33%). Tula viloyatida mustaqil nomzod Aleksey Dyumin (83,58%), Ulyanovsk viloyatida — RFKPdan Aleksey Russkix (83,16%), Xabarovsk o‘lkasida — LDPR nomzodi (56,77%) g‘olib bo‘ldi.