Sudanda davlat to‘ntarishiga urinish muvaffaqiyatsiz tugadi

Zirhli kuchlarning bir guruh zobitlari mahalliy vaqt bilan soat 03:00 atrofida qo‘zg‘olon ko‘tarib, Sudandagi hokimiyatni egallab olishga harakat qilishdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, havo-desant harbiylari va muhandis qo‘shinlari ham fitnachilarga qo‘shilgan. Qo‘zg‘olonchilar guruhiga general-mayor Abdel Baki Bakraui rahbarlik qilgan. Shuningdek, ularning barchasi «Musulmon birodarlar» islomiy uyushmasi bilan bog‘liqligi qayd etildi.

Mamlakat hukumati prezidiumi bayonotiga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari va harbiylar to‘ntarishning oldini olishgan, bunda ishtirok etganlarning barchasi hibsga olinib, ular bilan tergov harakatlari olib borilmoqda. Jami bo‘lib 60 kishi hibsga olindi. Ular orasida 40 nafar zobit, 18 nafar askar va ikki nafar fuqaro bor.

Vazirlar Mahkamasining rasmiy vakili, madaniyat va axborot vaziri Hamza Balyulning ta’kidlashicha, fitna uyushtirganlar mamlakatning sobiq prezidenti Umar al-Bashir rejimi bilan bog‘liq. — TASS.


Afg‘oniston muvaqqat hukumatida yangi tayinlovlar e’lon qilindi

«Tolibon» harakati Afg‘oniston muvaqqat hukumatiga yangi tayinlovlarni e’lon qildi. Harakat matbuot kotibi Zabihulloh Mujohidga ko‘ra, «Tolibon» rahbari Haybatulloh Oxundzod Panjshir viloyatidan tadbirkor Hoji Nuriddin Azizini savdo vaziri vazifasini bajaruvchi qilib tayinlagan. Uning birinchi o‘rinbosari Baglan viloyatidan tadbirkor Hoji Muhammad Bashir bo‘ldi. Savdo vazirining ikkinchi o‘rinbosari etib Sari-Pul viloyatidan tadbirkor Hoji Muhammad Azim Sultonzoda tayinlandi.

Shunday qilib, toliblar o‘z hukumatiga nafaqat pushtunlarni, balki etnik ozchilik vakillarini ham kiritishga tayyor ekanliklarini namoyish etmoqda, deb yozmoqda Interfaks.

Bundan tashqari, «Tolibon» rahbarining farmoni bilan Qalandar Ibodning zimmasiga sog‘liqni saqlash vaziri lavozimi yuklatildi, uning o‘rinbosarlari ham tayinlandi. Shu bilan birga, ichki ishlar, mudofaa, energetika, tabiiy ofatlarni boshqarish, chegaralar, qochqinlar ishlari, Oliy ta’lim vazirligining kasbiy faoliyati bo‘yicha vazirlar o‘rinbosarlari tayinlandi. Milliy olimpiya qo‘mitasi va Markaziy statistika boshqarmasiga ham rahbarlar tayinlandi.

7 sentabr kuni «Tolibon» Afg‘onistonning vaqtinchalik hukumati tarkibini e’lon qilgan edi.


Qozog‘iston 2023 yildan boshlab yangi telefon kodiga o‘tadi

Qozog‘iston hukumati yangi xalqaro raqamli +997 kodiga o‘tishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda mamlakat raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri Bagdat Musin ma’lum qildi. «BMT qoshidagi Xalqaro elektraloqa ittifoqi Qozog‘iston uchun +997 yangi DEF-kodini belgiladi», — deb yozdi Musin Facebook’dagi sahifasida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda zarur hujjatlar tayyorlanmoqda va yangi telefon kodiga o‘tish choralari ko‘rilmoqda. «Qozog‘iston 2023 yil yanvaridan yangi milliy kodga o‘tadi. Shu bilan birga, topshiriq berilgan paytdan boshlab, yangi va eski kodlar ikki yil davomida parallel ravishda ishlatilishi mumkin. To‘liq o‘tish 2025 yildan kutilmoqda», — deyiladi vazirlik matbuot xizmatida.

Hozirda Qozog‘iston Rossiya bilan birgalikda +7 xalqaro kodli to‘rt darajali raqamlash rejasidan foydalanadi.


Liviya parlamenti Abdel Hamid Dbeyba hukumatiga ishonchsizlik votumini bildirdi

«Spiker Akila Solih va uning ikki o‘rinbosari ishtirokidagi yopiq yig‘ilishda 113 nafar deputatdan 89 nafari Abdel Hamid Dbeybaning milliy birlik hukumatini ishonch votumidan mahrum qilish uchun ovoz berdi», deya aytilmoqda xabarda.

Abdel Hamid Dbeyba shu yilning fevral oyida Shveysariyada bo‘lib o‘tgan Siyosiy muloqot forumida saylangan edi. Uning vazifasi Prezident kengashi bilan birgalikda dekabr oyining oxiriga belgilangan parlament va prezident saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘lgan. Parlamentning bunday qarori esa, mamlakat hokimiyatining faoliyatini cheklab, saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayonin to‘xtatib qo‘ydi.

Shuningdek:

Livan parlamenti bosh vazir Najib Mikati boshchiligidagi Milliy qutqaruv hukumatiga ishonch votumini bildirdi. 85 nafar qonunchi yangi hukumatga ishonch bildirish uchun ovoz berdi, 15 nafari qarshi chiqdi.

Yangi hukumat ma’muriyat, bank, soliq va sud tizimini isloh qilishi, shuningdek, moliyaviy yordam to‘plami bo‘yicha Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan muzokaralarni qayta boshlashi kerak bo‘ladi.

65 yoshli siyosatchi va tadbirkor Najib Mikati ikki marta Livan hukumatiga rahbarlik qilgan: 2005 yilda sobiq bosh vazir Rafiq Haririy o‘ldirilganidan keyin keskin siyosiy qarama-qarshiliklar davrida va 2011−2014 yillarda qo‘shni Suriyadagi inqiroz paytida.

Avvalroq, Livanda 13 oy o‘tgach yangi hukumat tuzilgani haqida xabar berilgan edi.


Shuningdek:

  • Rossiya Davlat dumasiga o‘tkazilgan saylovlar yakunlari bo‘yicha «Yedinaya Rossiya», KPRF, LDPR, «Spravedlivaya Rossiya» va «Novыye lyudi» yetakchi bo‘ldi. To‘qqizta ma’muriy birlikda ham hudud rahbarligiga saylovlar bo‘lib o‘tdi, aksariyat saylangan gubernatorlar hukmron partiya vakillari hisoblanadi.
  • «Tolibon» o‘rta ta’limdagi qizlarning maktabga borishini chekladi. Kobulda davlat xizmatida ishlovchi ayollarga ishga chiqish taqiqlanib, faqat ayrim kasb egalariga ishlashga ruxsat berildi. «Tolibon» rasmiylari bu holatlarni «xavfsizlik nuqtai nazaridan» deya izohlamoqda. «Kasbim bo‘lmasa, o‘qishimga ruxsat berishmasa, xavfsizlikning men uchun hech qanday ahamiyati yo‘q. Bu xavfsizlik faqat «Tolibon»ga kerak», — deydi tibbiyot sohasida ta’lim oluvchi afg‘on qizi. «Tolibon» matbuot xizmati vakili hukumatda ayollarga zarurat yo‘qligini, ularning vazifasi bolalarni dunyoga keltirish va tarbiyalash ekanligini ta’kidladi.
  • Kanada bosh vaziri Jastin Tryudoning hukmron Liberal partiyasi dushanba kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari parlament saylovlarida g‘alaba qozondi.