O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida milliy bilim va innovatsiyalar markazi in vitro usulida yetishtirilgan 1 mln tup uzum ko‘chatini sotib olish bo‘yicha tender o‘tkazdi.

Tenderni o‘tkazishga prezidentning Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘idagi topshirig‘i ijrosi yuzasida qishloq xo‘jaligi vazirining 2021 yil 2 apreldagi 70-sonli buyrug‘i asos qilib ko‘rsatilgan. Moliyalashtirish manbasi — Spirtli ichimliklar va tamaki bozorini tartibga solish va vinochilikni rivojlantirish agentligining homiylik mablag‘lari (2021 yilda ushbu agentlikning Taraqqiyot jamg‘armasiga davlat budjetidan 40 milliard so‘m tushgan). Tenderning marjinal qiymati 10 mlrd.

Xarid komissiyasiga Qishloq xo‘jaligida milliy bilim va innovatsiyalar markazi bosh direktori Sh. Ahmedov raislik qilgan. Tender bo‘yicha takliflar De Nova Agro, Hayot Technology va Grand Print Leader kompaniyalaridan kelib tushgan, biroq ularning oxirgisi hujjatlar to‘liq bo‘lmaganligi sababli ikkinchi bosqichga o‘ta olmagan.

Markaz va De Nova Agro o‘rtasidagi yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnoma.

Komissiya Hayot Technology taklif qilgan miqdordan 40 mln so‘m kamroq — 9,95 mlrd so‘m taklif qilgan De Nova Agro kompaniyasini g‘olib deb e’lon qildi.

30 avgust kuni Qishloq xo‘jaligida milliy bilim va innovatsiyalar markazi De Nova Agro bilan 9,95 mlrd so‘mga uzum ko‘chatlarini yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi.

Foto: KTYADR.

Davletovuz Telegram-kanali ushbu tenderda manfaatlar to‘qnashuvi ehtimoli borligiga e’tibor qaratdi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi markaz bosh direktori Alisher Melsovich To‘rayev bir vaqtning o‘zida qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari ham hisoblanadi. 20 sentabrga qadar De Nova Agro direktori lavozimida Anais Alisherovna To‘rayeva (Alisher To‘rayevning qizi ekani taxmin qilinmoqda) faoliyat ko‘rsatgan, biroq hozirda rahbar sifatida Yekaterina Strelkovskaya ko‘rsatilgan.

Kompaniya saytida De Nova Agro`ga 2006 yilda professor, biologiya fanlari doktori Alisher To‘rayev tomonidan asos solingani ko‘rsatilgan.

«Gazeta.uz» De Nova Agro`ning yagona asoschisi (100%) Alisher To‘rayevning o‘g‘li Bekjon To‘rayev ekanligini aniqladi.

Bekjon To‘rayev, shuningdek, Anais To‘rayeva rahbari bo‘lgan Greencell`ning (mehmonxonalar va shunga o‘xshash yashash joylari) ham yagona asoschisi sifatida ro‘yxatga olingan.

Alisher To‘rayevning o‘zi De Nova Agro hamda tugatilgan De Nova Seeds direktori va ta’sischisi bo‘lgan. Hozirda u O’simliklar Texnologiyasi kompaniyasining 50 foizlik ulushiga egalik qiladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi «Gazeta.uz» so‘roviga javob berar ekan, yaqin vaqtlarda vaziyat bo‘yicha munosabat bildirilishini ma’lum qildi.