«Maroqand neft bazasi» va uning filiallarida jiddiy moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi, deya xabar qildi «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi matbuot xizmati.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, jamiyat va uning filiallariga «Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan vaqtinchalik mas’ul saqlashga topshirilgan jami 23,3 mlrd so‘mlik 3219 tonna avtobenzin mahsulotlari belgilangan tartibda birja savdolari orqali sotib olinmasdan, iste’molchilarga yuklab jo‘natib yuborilgan.

Buning natijasida yuzaga kelgan narx tafovutlari orqali jamiyatga jami 2,66 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan. Shuningdek, tovar-moddiy qiymatliklar, asosiy vositalar va neft mahsulotlaridan jami 844,5 mln so‘m miqdorida kamomadlar aniqlandi.

Ta’kidlanishicha, ayrim mas’ullar tomonidan neft mahsulotlarining hisobini yuritish uchun mo‘ljallangan yoqilg‘i sig‘imlarining kalibrovka jadvallari atayin o‘zgartirilib, kamomadlar yashirib kelingan.

Jumladan, Bulung‘ur filialining mas’ullari tomonidan 2020 yil 15 avgustdan 2021 yil 31 iyulgacha bo‘lgan davrdagi 2000 kub metr sig‘imda saqlanib kelayotgan Ai-80 K2-L avtobenzin mahsuloti o‘lchash jarayonlarida mahsulotning ma’lum balandligi (sm) bo‘yicha hajm (litr) qoldiqlari noto‘g‘ri ko‘rsatib kelingani natijasida, hisobot davri yakunlariga ko‘ra o‘tkazib kelingan xatlovlar xatolik bilan o‘tkazilgan, natijada 145,7 ming litrdan 750,9 ming litrgacha nomutanosibliklar xatlovlarda yashirib kelingan.

Neft mahsulotlarining saqlanishi bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlarda Jamiyatning Bulung‘ur filialida olib borilgan xatlovlar natijasida 308,6 mln so‘mlik 41,29 ming kg Ai-80 K2-L avtobenzini ortiqcha ekanligi aniqlandi.

Bundan tashqari, neft mahsulotlarini asossiz ravishda hisobdan chiqarish va ish xaqidan bo‘lgan qarzdorliklar bo‘yicha jami 453,4 mln so‘m miqdorida moliyaviy xato-kamchiliklar aniqlandi.

Jamiyat filiallari avtoxo‘jaligining mexaniklari va haydovchilari tomonidan jami 148,6 mln so‘mlik 24223 litr neft mahsulotlari asossiz ravishda hisobdan chiqarilgan. Masalan, jamiyat avtoxo‘jaligi mexanigi va haydovchilari o‘rtasidagi kelishuv natijasida aslida gaz yoqilg‘isi bilan harakatlanishda bo‘lgan yuk avtomashinasiga haqiqatda bajarilmagan qatnovlar bo‘yicha yo‘l varaqalari rasmiylashtirilib, jami 18933 litr 117,1 mln so‘mlik benzin yoqilg‘isi mahsuloti noqonuniy hisobdan chiqarilgan.

Jamiyat va uning filiallarining 2021 yilning 1 sentabr holatiga 33,38 mlrd so‘m bo‘lib, shundan muddati o‘tib ketgan debitorlik qarzdorligi 19 mlrd 843 mln so‘mni hamda bugungi kunda undirish «umidsiz» (korxonalar yopilishi, da’vo muddatlarining o‘tishi va hokazo) bo‘lgan qarzdorlik summasi 14,23 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.

Ish bo‘yicha materiallar huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi. «O‘zbekneftgaz» matbuot kotibi Siyovush Hoshimovning «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

«Maroqand neft bazasi»dagi vaziyat bo‘yicha o‘rganishlar yakunlari bo‘yicha «O‘zbekneftgaz» rahbari Mehriddin Abdullayev raisligida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazilib, 11 nafar mas’ul mansabdor shaxs bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi, 6 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.