Afg‘onistonning Nangarxor provinsiyasidagi portlashlar oqibatida bir necha kishi halok bo‘ldi

Shanba kuni Afg‘onistonning Jalolobod shahrida (Nangarxor provinsiyasi markazi) ketma-ket portlashlar sodir bo‘ldi. Uch kishi halok bo‘ldi, 20 kishi jarohatlandi. Bu haqda Hindustan Times xabar bermoqda. Xabarga ko‘ra, halok bo‘lganlardan ikki nafari «Tolibon» a’zolaridir. Yaralanganlarning aksariyati tinch aholi vakillari. Ta’kidlashicha, teraktlar «Tolibon»ga qarshi qaratilgan bo‘lishi mumkin — portlashlar ular nazoratidagi politsiya bo‘limi va hukumat binosi yonida sodir bo‘lgan.

Yakshanba kuni kechqurun provinsiyaning Sherzod tumanida sodir bo‘lgan portlashda esa bir bola halok bo‘ldi, yana ikki kishi tan jarohati oldi, deb yozmoqda TOLO News.

TASSning Al Jazeera’ga tayanib xabar berishicha, «Tolibon» Jalolobod shahri yaqinida maxsus operatsiya o‘tkazmoqda. «Afg‘oniston muvaqqat hukumati qurolli kuchlari Jalolobod shahri yaqinida tozalash ishlarini olib bormoqda. Yaqinda sodir bo‘lgan portlashlar ortida „Islomiy davlat“ terrorchilik guruhi turibdi», — deydi harakat vakillari. Shu bilan birga, boshqa manbalarda ham «Islomiy davlat» teraktlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan, deb aytilmoqda.

Shuningdek:

  • Afg‘oniston fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi dushanba kuni Kobul aeroportida xalqaro parvozlar qayta tiklanganini ma’lum qildi. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, aeroport 06:00 dan 18:00 gacha xalqaro reyslarni qabul qilishga tayyor. Hozirda aeroportda tungi reyslarni amalga oshirish uchun ishlar olib borilmoqda. Xabarga ko‘ra, Kobulga birinchi tijorat reysi 19 sentabr kuni Islomoboddan amalga oshirildi. Ayni paytda faqat Pokiston va Eron Afg‘oniston bilan reyslarni tiklagan, biroq idora Tojikiston, O‘zbekiston va BAA bilan ham muzokaralar olib bormoqda.
  • Afg‘oniston Ta’lim vazirligining juma kunidagi bayonotiga ko‘ra, faqat o‘g‘il bolalar maktablari qayta ochiladi va faqat erkak o‘qituvchilar o‘z ishlarini davom ettirishi mumkin. Qiz o‘quvchilar yoki ayol o‘qituvchilar haqida hech narsa aytilmagan, deya xabar bermoqda TOLO News.

Ispaniyadagi orolning 5 ming aholisi vulqon otilishi sababli evakuatsiya qilindi

Atlantika okeanidagi Kanar arxipelagi tarkibiga kiruvchi Ispaniyaning Palma oroli ma’muriyati Kumbre-Vexa vulqoni otilishi sababli 5 ming aholini evakuatsiya qilishga qaror qildi. Ta’kidlanishicha, bir qator hududlarda evakuatsiya majburiy deb e’lon qilindi, odamlar uchun vaqtinchalik boshpanalar tayyorlandi. Jabrlanganlar to‘g‘risida ma’lumot kelmagan. Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches hozirgi vaziyat tufayli Nyu-Yorkka rejalashtirilgan safarini kechiktirib, orolga yetib keldi.

85 mingga yaqin aholi yashaydigan orolda vulqon otilishidan oldin, taxminan bir hafta mobaynida seysmik faollik kuzatilgan. Orolda oxirgi marta 1971 yilda Tenegiya vulqoni otilgan edi. — Interfaks.


Fransiya TIV AQSh va Avstraliya bilan «munosabatlar inqirozi» haqida e’lon qildi

Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian Avstraliya va AQShni AUKUS mudofaa alyansini tuzishda yolg‘on gapirishda aybladi. Avvalroq, mamlakat AQSh va Avstraliyadagi elchilarini chaqirib olishga qaror qilgan edi. Vazir ittifoqchilar bilan «jiddiy inqiroz» boshlanganini aytdi.

«Amerika Qo‘shma Shtatlari va Fransiya o‘rtasidagi munosabatlar tarixida birinchi marta o‘z elchimizni maslahatlashuvlar uchun chaqirib olayotganimiz, mamlakatlarimiz o‘rtasida mavjud bo‘lgan inqirozning kattaligini ko‘rsatadigan jiddiy siyosiy harakatdir», — dedi u.

AUKUS bitimi doirasida Avstraliyaga atom suv osti kemalarining qurilish texnologiyasi taqdim etiladi. Shu bilan 2016 yilda Fransiya va Avstraliya o‘rtasida imzolagan 37 mlrd dollarlik suv osti kemalari bo‘yicha bitim tugatildi. Fransiya bu haqda alyansning e’lon qilinishidan bir necha soat oldin xabardor qilindi. — BBC News.


Xitoyda bolalar uchun TikTok cheklandi

TikTok ilovasiga egalik qiluvchi ByteDance Xitoyda 14 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar uchun «yoshlar rejimi»ni joriy qilmoqda. Ushbu rejimda ilovadan kuniga 40 daqiqadan ko‘p bo‘lmagan vaqt mobaynida foydalanish mumkin. Shuningdek, kirish kechasi, 22:00 dan 6:00 gacha mavjud bo‘lmaydi. Kompaniya ota-onalarga fan, san’at va adabiyot ommaboplaridan ibort bo‘lgan «ajoyib kontent»ni olish uchun, birinchi navbatda, o‘z farzandlariga haqiqiy ismlar bilan ro‘yxatdan o‘tishga yordam berishni tavsiya qildi. — Spot.

Avvalroq, Xitoyda bolalarga haftasiga uch soatdan ko‘proq vaqt davomida video o‘yinlar o‘ynash taqiqlangani haqida xabar bergan edik.

Shuningdek: Xitoy janubi-g‘arbidagi Guychjou provinsiyasida yo‘lovchi kemasi ag‘darildi. Buning natijasida sakkiz kishi halok bo‘ldi, yana yetti kishi bedarak yo‘qoldi.


Hindiston chet ellik sayyohlar uchun o‘z chegaralarini ochishi mumkin

Hindiston hukumati mamlakatni chet ellik sayyohlar uchun ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda yaqin o‘n kun ichida e’lon qilinadi.

Ta’kidlanishicha, 1,5 yil ichida Hindiston xorijiy sayyohlar uchun yopiq bo‘lgan. Bunday qaror mamlakatda koronavirus bilan kasallnish holatlari sonining kamayishi tufayli qabul qilinmoqda. Mamlakat hududlari bosqichma-bosqich ochilishi rejalashtirilmoqda.

Xabarga ko‘ra, birinchi 500 ming xorijlik sayyohga bepul viza beriladi. Bu, Hindiston rasmiylariga ko‘ra, turizm va aviatsiya sanoatining tiklanishiga yordam beradi. Aksiya 2022 yil 31 martgacha yoki barcha besh yuz ming turistik vizalar berilguncha davom etadi. Sayyoh bir marta bepul viza olish huquqidan foydalana oladi. — Interfaks.


Shuningdek:

  • Perm davlat universitetida (Rossiya) otishma sodir bo‘ldi, sakkiz kishi halok bo‘ldi, olti kishi yaralandi. Politsiya otishma uyushtirgan shaxsni hibsga olgan.
  • Dushanba kuni Olmaotaning (Qozog‘iston) Alatau tumanida otishma yuz berdi. 5 kishi halok bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar orasida uchastka inspektorlari, sud ijrochilari va tinch aholi ham bor. Yaradorlar soni hozircha noma’lum. Aytilishicha, gumondor ov qurolidan o‘q uzgan.
  • Chexiyada ba’zi guruhlar COVID-19 koronavirusiga qarshi vaksinaning uchinchi dozasi bilan emlanadi. Mamlakat SSV qo‘shimcha (buster) dozani 60 yoshdan oshganlar, tibbiyot xodimlari va xavf ostida bo‘lgan boshqa fuqarolarga qo‘llashni tavsiya qildi. Buster dozalar sifatida Pfizer va Moderna vaksinalaridan foydalaniladi.