Butunjahon yadro assotsiatsiyasi (WNA) ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda tabiiy uran ishlab chiqaruvchi mamlakatlar reytingida O‘zbekiston beshinchi o‘rinni egallagan.

WNA 2020 yil O‘zbekistonda qazib olingan uran hajmini, 2019 yilgi ko‘rsatkich saqlanib qolgani holda, 3500 tonnaga baholagan (2018 yilda 3445 tonna). Kitco nashrining yozishicha, qazib olingan uran mamlakatda qayta ishlanmaydi va to‘liq hajmda boshqa mamlakatlarga eksport qilinadi.

2020 yilda ishlab chiqarilgan jami uranning eng katta ulushi (dunyo bo‘yicha yalpi taklifning 41% i) Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri kelgan — 19,5 ming tonna. Keyingi o‘rinlarni Avstraliya (6,2 ming tonna), Namibiya (5,4 ming tonna) va Kanada (3,9 ming tonna) band etgan.

Manba: WNA

WNA ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda dunyo miqyosida uran ishlab chiqarish hajmi 2019 yilga (54,7 ming tonna) nisbatan sezilarli darajada, 13% ga, qisqarib 47,7 ming tonnani tashkil etgan. Bu — so‘nggi bir necha o‘n yillikdagi uran ishlab chiqarishning eng past darajasi. Kitco nashri buni COVID-19 inqirozi sharoitida konlarning butunlay yopilishi va vaqtincha to‘xtatib turilishi bilan izohlagan.

WNA ma’lum qilishicha, 2020 yilda ishlab chiqarilgan uran global miqyosdagi talabning bor-yo‘g‘i 74% qismini qoplagan.

Dunyo bo‘ylab tabiiy uran zaxiralari 6,14 mln tonna hajmida baholanadi. Shundan 28% qismi Avstraliya, 15% qismi — Qozog‘iston va 9% qismi Kanada hissasiga to‘g‘ri keladi. Keyingi o‘rinlarda Rossiya va Namibiya, uran zaxiralarining mos ravishda 8% va 7% qismiga egalik qiladi. O‘zbekiston 132 ming tonnalik (dunyo zaxirasining 2% qismi) zaxiralari bilan dunyo bo‘yicha 11-o‘rinda turadi.

O‘zbekistonda uran qazib olishning o‘ziga xos xususiyatlari

NKMK rahbarining o‘rinbosari Nurmat Julibekov «Iqtisodiy tahlil» uchun («Ekonomicheskogo obozreniya») yozgan maqolasida qayd etishicha, mamlakatdagi uran ishlab chiqaruvchi va uran oksidi shaklidagi tayyor mahsulotni eksport qiluvchi yagona korxona — Navoiy kon-metallurgiya kombinati hisoblanadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2007 yilgacha NKMK tomonidan ishlab chiqarilgan tabiiy uran, uran sotib olishda ekskyuziv huquqa ega bo‘lgan Nukem, Inc. (AQSh) kompaniyasiga sotilgan. Mahsulot bozori va xaridorlarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilganidan so‘ng, uran 2007 yildan boshlab Yaponiyaning Itochu korporatsiyasiga va 2008 yildan Xitoyning CGNPC kompaniyasiga sotiladigan bo‘ldi. Bugungi kunda NKMKning uran eksportidagi asosiy savdo hamkorlari Itochu va Marubeni korporatsiyalari (Yaponiya) hamda Nukem, Inc.(AQSh) kompaniyasi hisoblanadi.

Uran ishlab chiqarish tannarxi moddiy xarajatlari tarkibida elektr energiyasi va kimyoviy reagentlar sarfi katta ulushga ega. 2019 yilda uran qazib olish tannarxi 557,1 ming so‘m/kg ga (62,5 dollar/kg) teng bo‘lgan. Shu bilan birga, uranning o‘rtacha yillik sotish narxi 65,7 dollar/kg ni tashkil etgan. 2019 yil yakuniga sof foyda 105,9 mlrd so‘m, rentabellik 5,2% ni tashkil etgan.

Bugungi kunga kelib respublikadagi uranning asosiy tasdiqlangan, baholangan va bashorat qilingan zaxiralari Markaziy Qizilqum hududida jamlangan.