14 sentabrdan piyoda yurish va yugurishni targ‘ib qilish maqsadida ishga tushirilgan “Sog‘lom turmush tarzi platformasi” (1hls.uz) qadamlar uchun pul to‘lashni vaqtincha to‘xtatib qo‘yildi, deya xabar bermoqda Turizm va sport vazirligi.

Vazirlik Moliya vazirligi g‘aznachiligida ochilgan shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida 500 mln so‘mdan kam mablag‘ qolsa, mobil ilova bo‘yicha foydalanuvchilarga to‘lovlar, ushbu shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida 5 mlrd so‘mgacha mablag‘ yig‘ilgunga qadar avtomatik tarzda to‘xtatilishi belgilab qo‘yilganligini tushuntirdi.

“Shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga tushadigan tegishli daromadlar manbalarining bir me’yorda doimiy tushish imkoniyati cheklangan”, — deyiladi xabarda. Biz avvalroq foydalanuvchilarga to‘lovlarni moliyalashtirish alkogol va sigaret ishlab chiqaruvchilaridan olinadigan maxsus soliq hisobidan amalga oshirilishi haqida yozgan edik.

Mazkur platforma Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil oktabr oyidagi “Sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan. To‘lovlar iyun oyida boshlangan.

10 iyundan 13 sentabrga qadar bir sutka davomida o‘n ming va undan ortiq qadam yurgan 18 yosh va undan yuqori yoshdagi O‘zbekiston fuqarolarining platformadagi elektron hamyoniga jami 9,4 mlrd so‘m mablag‘lar to‘lab berilgan. Shuningdek, har oyda har bir tuman (shahar) bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 300 ming so‘mdan, har bir hudud bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 500 ming so‘m, respublika bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga qo‘shimcha ravishda 1 mln so‘m to‘lanib, joriy yil iyun-avgust oylari davomida jami 206,7 mln so‘m mablag‘ foydalanuvchilar elektron hamyoniga o‘tkazib berilgan.

Ma’lumot uchun, iyul oyida Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro eng yaxshi natijani ko‘rsatgan holda, ilovada 1,8 milliondan ortiq qadam (kuniga taxminan 42 km) yurgani haqida yozgan edik. Buning uchun unga 1,8 million so‘m, tuman va viloyatlardagi g‘oliblarga esa jami 68 million so‘mdan to‘lanishi kerak edi.

Avvalroq, “Gazeta.uz” 1hls ilovasini mobil telefonga yuklash, undan foydalanish va pulni bank kartasiga o‘tkazish bo‘yicha qo‘llanmani e’lon qilgan edi.