Dushanbeda o‘tayotgan SHHT sammitida Davlat rahbarlari kengashi Ruslan Mirzayev nomzodini SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori lavozimiga tasdiqladi. U o‘z vazifasini bajarishga 2022 yil 1 yanvardan kirishadi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar bermoqda.

Ruslan Mirzayev O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi mas’ul xodimi hisoblanadi.

Bu lavozimda 2019 yil yanvaridan SHHT RATS Ijroiya qo‘mitasi direktori lavozimida ishlab kelgan Tojikiston vakili Jumaxon G‘iyosov o‘rnini egallaydi.

Bir necha yillar mobaynida Milliy xavfsizlik xizmati (hozirda Davlat havfsizligi xizmati) organlari va bo‘linmalarida, O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida, Qurolli Kuchlar Birlashgan shtabida, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan. Prezident apparati, Milliy xavfsizlik kengashida mas’ul lavozimlarda ishlagan.

SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi organ hisoblanadi. Tashkilotning bosh qarorgohi Toshkentda joylashgan. Direktor Davlat rahbarlari kengashi tomonidan MATT Kengashi tavsiyasiga binoan SHHT mamlakatlari fuqarolari orasidan uch yil muddatga tayinlanadi.