O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistonning xorijiy banklardagi davlat aktivlarini qaytarishni taklif qildi. Bu haqda u 17 sentabr kuni Dushanbeda Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida ma’lum qildi.

Davlat rahbarining fikricha, bu chora keng ko‘lamli gumanitar inqirozning oldini olib, qochqinlar oqimining ko‘payishiga chek qo‘yadi, shuningdek, mamlakatga ijtimoiy muammolarni hal qilishda yordam beradi.

Foto: prezident matbuot xizmati

Muzlatilgan aktivlar haqida nimalar ma’lum?

The Washington Post (WP) gazetasi 17 avgust kuni manbalariga tayanib, AQSh prezideti Jo Bayden ma’muriyati Afg‘oniston hukumatining Amerika bank hisoblarida saqlanayotgan zaxiralarni muzlatganini ma’lum qilgan edi. Bundan tashqari, AQSh dollarlar toliblar qo‘liga tushmasligi uchun Afg‘onistonga katta miыdorda dollar yetkazishni taqiqlagani qayd etildi.

Mazkur qaror moliya vazii Janet Yellen va Xorijiy aktivlar ustidan nazorat boshqarmasi xodimlari tomonidan qabul qilingan bo‘lib, uning muhokamalarida Davlat departamenti qatnashgan, Oq uy esa «hodisalarning rivojlanishini kuzatib borgan», deya ma’lum qildi nashr suhbatdoshi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, aprel holatida Afg‘oniston Markaziy banki 9,4 milliard dollarlik zaxira aktivlariga ega bo‘lgan, bu mamlakatning yillik ishlab chiqarish hajmining uchdan bir qismiga to‘g‘ri keladi. Zaxiralarning aksariyati hozirda Afg‘onistondan tashqarida, deydi WP manbalaridan biri.

Mamlakatdan qochgan Afg‘oniston Markaziy banki boshqaruvchisi v. b. Ajmal Ahmadiy «Tvitter»da tasdiqlaganidek, Markaziy bank rahbari sifatida u mamlakatga Amerika valyutasini yetkazib berish to‘xtatilganligi to‘g‘risida xabarnoma olgan va bu haqda prezident Ashraf G‘aniga ma’lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston Markaziy bankining deyarli barcha zaxiralari chet elda joylashgan va ular qariyb 9 milliard dollarni tashkil qiladi. Eng katta qismi — 7 milliard dollar — Federal zaxira tizimi (Markaziy bank vakolatlarini bajaradi) hisoblarida. Ulardan 3,1 milliard dollari AQSh hukumati obligatsiyalariga tikilgan, 2,1 milliard dollari Jahon bankining Maslahat xizmatlari va zaxiralarni boshqarish dasturidagi (RAMP) aktivlar, 1,2 milliard dollari oltin va atigi 300 ming dollari naqd pul shaklida. Yana 1,3 milliard dollar xalqaro hisoblarda saqlangan.

Afg‘oniston Markaziy banki direktorlar kengashi katta a’zosi va hozirda AQShda yashayotgan Shoh Mehrabi 8 sentabr kuni Bloomberg agentligiga bergan intervyusida Jo Bayden ma’muriyatining zaxiralarni muzlatish to‘g‘risidagi qarori Afg‘oniston hukumatining likvidligini yo‘qotishiga, banklarning yopilishiga va mamlakatning yanada qashshoqlashishiga olib kelishini ta’kidladi.

«Prezident Bayden [shu tarzda] „Tolibon“ yoki hozirgi rejimga zarar yetkazmaydi. Bu oddiy afg‘onlarga zarar keltiradi va ularni yanada qashshoqlikka olib keladi», — dedi u.

Shah Mehrabi AQShga haftada 150 million dollargacha mablag‘ ajratishni taklif qildi, shunda Markaziy bank banklar likvidligini oshirish va inflyatsiyaning keskin o‘sishini to‘xtatish uchun pul bozorida auksion o‘tkazishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Tolibon» hokimiyat tepasiga kelganidan beri Afg‘oniston pul birligi 10−15 foizga arzonlashgan, narxlar esa 20−25 foizga oshgan.

Bundan tashqari, 23 avgust kuni Jahon banki ham Afg‘onistondagi loyihalarini moliyalashtirishni vaqtincha to‘xtatdi. Jahon banki Afg‘onistonga 2002 yildan beri 5,3 mlrd dollar taqdim etdi, deya guvohlik bermoqda tashkilot saytidagi ma’lumotlar. Moliyalashtirish to‘xtatilgan vaqtga qadar mamlakatda qiymati 2 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 27 ta faol loyihaga mablag‘ yo‘naltirilga. Loyihalar, xususan, Afg‘onistonda qishloq xo‘jaligi va to‘lov tizimini rivojlantirish bilan bog‘liq.

Naqd pul olishga qo‘yilgan cheklov

Foto: Anadolu AA

15 avgust kuni «Tolibon» Kobulni egallab olganidan so‘ng, banklar bir haftadan ko‘proq vaqt davomida yopiq turdi. Ular qayta ochilganda, kuniga 20000 afg‘onigacha (200 dollar) naqd pul olish cheklovi qo‘yildi. Odamlar banklarda soatlab navbatda turmoqda, chunki Kobulda atigi bir nechta bankomat faoliyat ko‘rsatmoqda.

«Tolibon» davrida afg‘on valyutasining bozor kursi ancha pasaydi. «Sinxua» xabariga ko‘ra, 4 sentabrda bir dollarga 89 ga yaqin afg‘oni, avgust o‘rtalarida «Tolibon» Kobulni egallashidan oldin — 79 afg‘oni berilgan.

Avvalroq «Gazeta.uz» Afg‘oniston iqtisodiyoti nimadan tashkil topgani va O‘zbekiston ushbu mamlakatga nimalarni yetkazib berayotgani haqida yozgan edi.