O‘zbekistonda joylashgan Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati 16 sentabr kuni YUNESKOning «Inson va biosfera» dasturi doirasida butunjahon biosfera qo‘riqxonalari tarmog‘iga kiritildi, deya xabar qildi xalqaro tashkilot matbuot xizmati.

O‘zbek qo‘riqxonasi bilan bir qatorda tarmoqqa 21 mamlakatdan 20 ta yangi obyekt kiritilgan. Shunday qilib, tarmoq dunyoning 131 mamlakatidagi 727 ta rezervatni, shu jumladan 22 ta transchegaraviy obyektni o‘z ichiga oladi. «YUNESKOning biosfera qo‘riqxonalari hozirda quruqlikning 5 foizidan ko‘prog‘ini egallaydi va ularning hududida biologik xilma-xillikni saqlash, ekologik ta’lim, tadqiqotlar va barqaror rivojlanish tutashadi», — deyiladi xabarda.

Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati Amudaryo quyi oqimining shimoliy qismida, Orol dengizining sobiq sohili janubi-sharqida joylashgan. Hisobotda aytilishicha, bu Markaziy Osiyodagi eng yirik tabiiy to‘qaylardan biri bo‘lib, u global nuqtai nazardan yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida turgan noyob ekotizimdir, deya qayd etildi xabarda.

Bu hudud o‘simliklar va hayvonlarning muhim yashash joyi bo‘lib, O‘rta Osiyoning cho‘l mintaqalarida eng yuqori biologik xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Bu shuningdek, yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan Buxoro kiyiklarining (Cervus hanglu bactrianus) qo‘riqlanadigan tabiiy yashash joyidir.

«Butunjahon biosfera qo‘riqxonalari tarmog‘iga qo‘shilish orqali Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatining manfaatdor tomonlari, xususan, tabiiy landshaftlarni, to‘qay o‘rmonlarining hayvonot va o‘simlik turlarini, shuningdek, O‘rta Osiyo qirg‘oqbo‘yi o‘rmonlarining boshqa tabiiy xususiyatlarini saqlash va tiklashga intilishadi», — deb ta’kidlandi YUNESKO xabarida.

Ma’lumot uchun, Quyi Amudaryo biosfera rezervati Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy va Amudaryo tumanlari hududida joylashgan. Markaziy Osiyo o‘rmonlarining 20 foizi va O‘zbekiston o‘rmonlarining 74 foizi mana shu hududga to‘g‘ri keladi. Qo‘riqxonaning umumiy maydoni — 69 ming gektarga yaqin. Rezervatda mavjud 419 turdagi o‘simliklarning 2 turi, 36 turdagi hayvonning 1 tasi, 43 baliq turining 12 tasi va 246 qush turidan 23 turi Qizil kitobga kirgan.

Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatining nominatsion paketi O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi tomonidan Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati va M. Zukkov tabiatni asrash fondi ko‘magida tayyorlangan.

O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, yangi rezervatning butunjahon biosfera qo‘riqxonalari tarmog‘iga qo‘shilishi YUNESKO bilan o‘zaro hamkorlikni kengaytirish imkonini beradi, ya’ni «Inson va biosfera» dasturi doirasida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha texnik qo‘llab-quvvatlashga ega bo‘ladi:

  • Inson va tabiiy faoliyat natijasida yuzaga keladigan biosferadagi o‘zgarishlarni va bu o‘zgarishlarning odamlar va atrof-muhitga ta’sirini, xususan iqlim o‘zgarishi sharoitida aniqlash va baholash;
  • Tabiiy ekotizimlar va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar o‘rtasidagi dinamik o‘zaro bog‘liqlikni xususan, biologik va madaniy xilma-xillikning tez yo‘qolishi sharoitida ekotizimlarning inson farovonligi uchun xizmat qilishini o‘rganish va qiyoslash;
  • Atrof-muhit o‘zgarishi omili sifatida jadal urbanizatsiyalashuvi va energiya iste’moli sharoitida insonning farovonligi va yashash muhitini ta’minlash;
  • ️Ekologik muammolar va yechimlar to‘g‘risida bilim va tajriba almashish va rag‘batlantirish, barqaror rivojlanish uchun ekologik ta’limni targ‘ib etish.

Shunday qilib, tarmoqqa kiritilgan qo‘riqxonalar soni ikkitaga yetdi: birinchisi — Chotqol davlat biosfera rezervati (1978 yilda kiritilgan).