10 sentabr kuni qabul qilingan hukumat qarori bilan «Pistali» konida tarkibida oltin bo‘lgan ma’danlarni qazib olish va qayta ishlash kompleksini qurish (6-GMZ) investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asoslari tasdiqlandi.

Investitsiya loyihasining umumiy qiymati 274,7 mln dollarga baholangan. Qarorga muvofiq, obyekt 2024 yilning dekabrida foydalanishga topshiriladi. Majmuaning ishga tushirilishi tarkibida oltin bo‘lgan 4 mln tonna hajmdagi ma’dan qazib olish bo‘yicha qo‘shimcha quvvatlarni yaratish imkonini beradi.

Loyiha 29,6 mln dollar miqdorida «Navoiy KMK»ning o‘z mablag‘lari va 245,1 mln dollar miqdoridagi xorijiy banklarning kreditlarini jalb etish hisobiga amalga oshiriladi. Xorijiy banklar kreditlari yillik 4,55% stavka bilan 5 yil muddatga (jumladan, imtiyozli davr — 3 yil) jalb etilishi belgilangan.

Loyiha doirasida 2110 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.