14 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi.

Unga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvargacha davrda 2020 yil 31 dekabrdagi holatga ko‘ra soliq qarzini majburiy ravishda undirish, shuningdek quyidagilar bo‘yicha penya hisoblash choralari ko‘rilmaydi:

  • turizm, transport va umumiy ovqatlanish bilan band tadbirkorlarning mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha;
  • 2020 yilda hisoblangan va qiyinchiliklar bilan yuridik shaxslar tomonidan to‘lanmagan ularning mol-mulkiga solinadigan soliq va yer solig‘i bo‘yicha;
  • 2020 yil 15 maydagi holatga ko‘ra qarzdorligi mavjud bo‘lgan mikrofirmalar va kichik korxonalarga soliqlar, penyalar va soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun hisoblangan jarimalar bo‘yicha.

2021 yil 31 dekabrgacha bo‘lgan davr uchun turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlari (joylashtirish xizmatlari) ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari:

  • foyda solig‘ini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foiz kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘laydi;
  • ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdoridagi soliq stavkasi bo‘yicha to‘laydi;
  • yuridik shaxslarning mol-mulkidan olinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi.

Quyidagilar mol-mulk, yer, aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashdan, YATTlar uchun daromad solig‘ining qat’iy belgilangan summalarini to‘lashdan ozod qilinadi:

  1. Prezident qarorida Qoraqalpog‘iston Respublikasining har bir shahari va tumani uchun “o‘sish nuqtasi” deb belgilangan faoliyat turlarini amalga oshirayotgan yangidan tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlari — 2024 yil 1 yanvargacha;
  2. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir, Bo‘zatov va Shumanay tumanlarida joylashgan, yangidan tashkil etilgan sanoat sohasidagi tadbirkorlik subyektlari — 2024 yil 1 yanvargacha. Soliq to‘lovchilarning mazkur toifasi foyda solig‘ini va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni belgilangan soliq stavkasidan 50 foiz pasaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘laydi;
  3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan aniqlangan ro‘yxat bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmatlar ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan va og‘ir sharoitlardagi 45 ta mahalla va ovullarda joylashgan, yangidan tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlari — 2026 yil 1 yanvargacha. Tadbirkorlik subyektlarining mazkur toifasi foyda solig‘idan ham ozod qilinadi.