10 iyun kuni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari A.A. yo‘l-patrul xizmati xodimlarining zo‘ravonligi natijasida vafot etgani haqida xabar bergan edik.

Huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanov inspektorlar unga nisbatan kuch ishlatganini ta’qidlagan. Ichki ishlar vazirligi esa soliqchini kasalxonaga olib borishga urinish paytida sog‘lig‘i keskin yomonlashganini qayd etgan.

Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan JKning 206-moddasi 1-qismi (mansab vakolatidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan edi.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Xayot Shamsutdinov «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari yakunlandi. Jinoyat ishi doirasida 2 nafar shaxsga ayb e’lon qilinib, «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

14 sentabr kuni jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqishlik uchun sudga yuborilgan.