Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov 12 sentabr kuni jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda fevralda prezidentga taqdim etilgan, biroq keyinroq IKEA tomonidan rad etilgan mebel fabrikasini ochish loyihasi haqidagi savollarga javob berdi. Bu haqda Kun.uz xabar qildi.

«Tadbirkorlarimiz bu masalani taklif sifatida aytgan. Biz ham shunaqa taklif bor, deb aytganmiz. Lekin hech qayerda aynan shu loyiha bo‘ladi, degan so‘z aytilmagan. Masalan, siz tadbirkorsiz, ertaga yonimga kelasiz va mana bunaqa loyiham bor, deysiz. Shundan so‘ng, biz u salohiyatli investormi-yo‘qmi, qancha pul tikmoqchi, deb surishtiramiz. Bu masala haligacha ochiq, yopilgani yo‘q. Baribir ular bir kunmas bir kun keladi. Bu tabiiy jarayon, chunki Yevropada ishchi kuchi qimmat. Bugun bo‘lmasa ertaga keladi», — dedi Davron Hidoyatov.

Uning ta’kidlashicha, loyiha prezidentga taqdim etilmasidan avval IKEA`ning Turkiyadagi vakolatxonasi bilan muzokaralar olib borilgan va tomonlar dastlabki kelishuvga erishgan.

«Biz hech qachon yo‘q narsani prezidentga aytmaymiz. Hamkorlarimiz Shvetsiyadagi IKEA (Inter IKEA Systems B.V.) kompaniyasining Turkiyadagi vakolatxonasi bilan muzokara olib borib, kelishuvga erishgan. Bu o‘zidan o‘zi bo‘lmagan», — dedi Davron Hidoyatov.

Hokim ushbu xabar matbuotda shov-shuv bo‘lganidan so‘ng kompaniya vakillari bu narsa jamoatchilikka oshkor bo‘lib ketishini kutishmaganini aytishgan.

«Har bir kompaniyaning ichki yo‘riqnomalari bor. Bu masala dastlabki muzokaralar natijasidagi kelishuv bo‘lgan», — deya ta’kidladi Davron Hidoyatov.

Eslatib o‘tamiz,

8 fevral kuni O‘zbekiston prezidenti Toshkent viloyatlaridagi investitsiya loyihalari bilan tanishgan haqida yozgan edik. Unda davlat rahbariga IKEA kompaniyasnining innovatsion mebel ishlab chiqarish fabrikasi qurilishi loyihasi ham taqdim etilgandi. Loyihaga ko‘ra, mazkur fabrika 22 oy ichida qurilishi reja qilingan.

Bu bo‘yicha batafsil ma’lumot olish maqsadida «Gazeta.uz» IKEA kompaniyasining OAV bilan ishlash bo‘limi bilan bog‘landi. Kompaniya yuqoridagi xabar rad etmoqda.

«IKEA Supply`ning boshqa kompaniyalari singari, IKEA Industry O‘zbekistonda fabrika ochishni rejalashtirmayapti. Yangi bozorlarga kelsak, IKEA 2025 yilga qadar dunyo bo‘ylab ko‘proq xaridorlarni jalb qilishni davom ettirish maqsadida 12 ta yangi bozorga kirishni rejalashtirmoqda. Mazkur faoliyatni kengaytirish rejasida O‘zbekiston ishtirok etmaydi», — deyiladi kompaniya xabarida.

Prezidentga taqdim etilgan loyihaning umumiy qiymati 52 mln AQSh dollari miqdorida baholangan edi. Shundan 10 mln dollar mablag‘ loyiha tashabbuskorining o‘z hisobidan, qolgan 42 mln dollar esa xorijiy investitsiya evaziga moliyalashtirilishi aytilgan edi.