O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra, abituriyentlarning 35,8 foizi o‘tish balini to‘play olmagan. O‘zA bosh direktori o‘rinbosari, huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev bunga e’tibor qaratdi.

Davlat test markazi (DTM) ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil deyarli 893 ming abituriyent test sinovlarida ishtirok etdi. Ulardan 319 ming nafari o‘tish balining eng quyi chegarasi bo‘lgan 56,7 balni to‘play olmagan.

Hududlar sharoitida imtihonlardan muvaffaqiyatsiz bo‘lganlarning aksariyati Qashqadaryo (39,4 ming), Samarqand (35 ming) va Toshkent (34,1 ming) viloyatlarida qayd etilgan. Sirdaryo viloyati eng yaxshi natijaga ega — 12 ming.

Foto: Xushnudbek.uz / Telegram.

«56,7 ball — bu to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori 189 balning 30%i degani. Ya’ni abituriyent hech bo‘lmasa 30% bilimga ega bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkichni to‘play oladi. 30% bilim esa reyting tizimidan qiyos olsak, hatto 2 baho ham emas! 1 baho desak to‘g‘ri bo‘lar balki», — deb yozadi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

U 56,7 ball to‘plash uchun qancha to‘g‘ri javobni ko‘rsatish kerakligini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, majburiy blokdagi 10 ta savoldan 5 tasiga, mutaxassislik blokidagi 20 ta savoldan 4 tasiga javob berish kerak.

Foto: manadat.dtm.uz.

«Majburiy blokdagi savollar o‘ta va o‘ta oson darajada bo‘lsa, mutaxassislik blokidagi savollarga esa hammasini bitta harf, masalan „A“ qilib belgilasa ham 4 tadan oshiq chiqsa, nahotki 319 ming abituriyentlar shuni ham eplay olmagan. Bu dahshat emasmi?» — deb yozadi bloger.

Ma’lumot uchun, joriy yil O‘zbekistonda qariyb 950 ming nafar abituriyent oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 535 ming kishi yoki 36,1 foizga kam. Hujjat topshirganlarning 46 foizi sirtqi ta’limga hujjat topshirgan.