Afg‘onistonda xorijiy vizalar «qora bozori» shakllanmoqda — OAV

Afg‘onistonda viza olishning rasmiy tartiblarini chetlab o‘tish amaliyoti keng tarqalmoqda, deb yozmoqda TOLO news. Nashr xabariga ko‘ra, bunga «Tolibon»ning hokimiyatga kelishidan so‘ng, Kobuldagi ko‘pgina xorijiy elchixonalar yopilgani va ayni paytda Afg‘onistonni tark etishni xohlovchilar soni ortgani sabab bo‘lgan.

Kobul shahrida yashovchi Muhammad Xarun TOLO news’ga bergan intervyusida Pokiston vizasi borligini, lekin chegarani «Torkham» nazorat-o‘tkazish punkti orqali o‘tishga uringanida «ruxsatnoma» yo‘qligi sababli Pokistonga kira olmaganini aytdi. Uning aytishicha, bunday «ruxsatnoma»ni Pokiston elchixonasi yaqinida 200−300 dollarga sotib olish mumkin.

Kobuldagi sayyohlik agentligi direktori Shafi Samimning televideniyega aytishicha, odamlar «qora bozorda» odatdagidan ikki yoki uch baravar qimmat narxda vizalarni sotib olishadi. Samimga ko‘ra, odamlar Pokistonga 350 dollar, Tojikistonga 400 dollar, O‘zbekistonga 1350 dollar va Turkiyaga 5 ming dollar narxda viza sotib olishadi. Uning qo‘shimcha qilisha, avvalgi hukumat paytida Pokiston vizasi taxminan 15 dollar, Hindiston vizasi 20 dollar, Tojikiston va O‘zbekiston vizalari 60 dollar, Turkiya vizasi 120 dollar bo‘lgan.

Shu bilan birga, mamlakat fuqarolari va sayyohlik agentliklari xorijiy davlatlarni «qora bozorni» yo‘q qilish maqsadida o‘z elchixonalarini qayta ochishga chaqirishdi.


Xitoyda 1 mlrddan ortiq aholi COVID-19'ga qarshi to‘liq emlandi

Bu mamlakat aholisining 70 foizini tashkil qiladi. Ta’kidlanishicha, 15 sentabr holatiga ko‘ra, jami 2,16 mlrd dozadan foydalanilgan, bu butun dunyo bo‘ylab qo‘llanilgan miqdorning (5,18 mlrd) uchdan bir qismi.

Bloomberg’ning ma’lumotlariga ko‘ra, Pekinda yoshi katta aholining 97 foizidan ortig‘i koronavirusga qarshi to‘liq emlangan. Tyanszinda 12 yoshdan oshgan aholining qariyb 80 foizi emlandi. Shanxay va Chjetszyan provinsiyalarida bu ko‘rsatkich 80 foizga yaqinlashdi. Shunday qilib, emlash darajasi bo‘yicha Xitoy Yevropa Ittifoqi va AQShni ortda qoldirdi, deb yozmoqda agenlik. Shu bilan birga, Pekin pandemiya tufayli joriy qilingan karantin cheklovlarini yumshatishni rejalashtirmayapti.

Xitoyda, 10 oy oldin Sinopharm kompaniyasining koronavirusga qarshi vaksinasini favqulodda foydalanish uchun tasdiqlangandi. Bu preparatdan tashqari, mamlakatda yana oltita vaksinadan foydalaniladi. Emlash kampaniyasi 12 yosh va undan katta bo‘lgan fuqarolarni qamrab oladi. — Bloomberg.


KXSHT Tojikistonda bir nechta yirik harbiy mashg‘ulotlarni o‘tkazadi

KXSHT bosh kotibi Stanislav Zas bir oydan so‘ng Tojikiston-Afg‘oniston chegarasi hududida tashkilot jamoaviy kuchlarining yirik harbiy mashg‘uloti o‘tkazilishini e’lon qildi.

«Tashkilot chegaradagi vaziyat keskinlashgan taqdirda Tojikiston xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan amaliy jamoaviy choralarni ishlab chiqdi. Shu maqsadda Tojikiston-Afg‘oniston chegarasi yaqinida bir oydan so‘ng KXSHT kollektiv kuchlarining keng ko‘lamli mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Bu razvedka kuchlarining mashg‘ulotlari — „Poisk“, moddiy-texnik ta’minoti kuchlarining mashg‘ulotlari — „Eshelon“ va bu yilgi eng katta mashg‘ulotimiz — „Vzaimodeystviye“ — kollektiv tezkor kuchlari ishtirokidagi hamda „Kobalt“. Aytgancha, ularning barchasi bitta reja asosida o‘tkaziladi», — dedi u.

Zasga ko‘ra, KXSHT Tojikiston-Afg‘oniston chegarasidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda. «Tojikiston, barchangiz yaxshi bilasiz, Afg‘oniston bilan eng uzun chegaraga ega — 1344 km. U [chegara] ko‘p joylarda o‘tish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlardan o‘tadi», — deya qo‘shimcha qildi u. — TASS.


SpaceX birinchi tijorat ekipajini orbitaga olib chiqdi

Foto: SpaceX

Crew Dragon Resilience kosmik kemasi dunyodagi birinchi tijorat ekipaji bilan Yer orbitasiga chiqarildi. Falcon 9 raketa tashuvchisi Floridaning Kanaveral burnidagi kosmodromdan Toshkent vaqti bilan 05:02 da uchirildi. Kosmik kema 575 km balandlikdagi orbitaga chiqariladi.

Inspiration 4 missiyasi ishtirokchilari:

  • AQShning Shift4 Payments kompaniyasi rahbari Jared Ayzekman;
  • St. Jude Children’s Research Hospital bolalar kasalxonasi shifokori Xeyli Arseno;
  • NASA fazogiri sobiq nomzodi, geofizik Sian Proktor;
  • Lockheed Martin kompaniyasi muhandisi, AQSh harbiy havo kuchlarining nafaqadagi harbiysi Kristofer Sembroski.

Ta’kidlanishicha, Ayzekman Inspiration 4 missiyasi Arseno ishlayotgan shifoxonaga mablag‘ yig‘ish maqsadida tashkil qilgan. Ekipajdagi ikkita o‘rin xayriya onlayn tanlovi orqali aniqlangan.

Uch kunlik orbital parvozdan so‘ng kema Florida hududida, Atlantika okeaniga qo‘nishi kerak. — Spot.


Shuningdek:

  • AQSh, Avstraliya va Buyuk Britaniya AUKUS mudofaa alyansi tuzilishini e’lon qilishdi. Pakt doirasida Avstraliya o‘z tarixida ilk bor atom suvosti kemalarini qurishga muvaffaq bo‘ladi.
  • AQShning Time jurnali 2021 yilning eng nufuzli odamlari ro‘yxatini e’lon qildi. Ushbu ro‘yxatga shahzoda Garri va Megan Markl, xonanda Billi Aylish, rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy, «Tolibon» vakili Abdul G‘ani Barodar, AQSh prezidenti Jo Bayden kirgan.
  • Belarusda AQSh fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim bekor qilindi. Bundan tashqari, ro‘yxatdan Xitoy va Albaniya chiqarilib tashlandi. Shu bilan birga, 30 kunlik vizasiz rejim Eron fuqarolari uchun joriy qilindi.