O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 sentabr kuni «Tadbirkorlik subyektlari uchun ma’muriy va soliq yukini yanada kamaytirish, biznesning qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, 2021 yil 1 oktabrdan boshlab quyidagilar bekor qilinadi:

  • qat’iy belgilangan miqdordagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lovchisi bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq organlariga soliq hisobotini topshirish majburiyati;
  • alohida tayyor import iste’mol tovarlarining bojxona deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan sanadan keyin 12 oy o‘tgach sotuvga qo‘yilishi hamda chakana savdoda realizatsiya qilinishiga qo‘yilgan taqiq;

2022 yil 1 yanvardan 2023 yil 1 yanvarga qadar respublika tumanlarida (Toshkent shahri bundan mustasno) faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlariga belgilangan ijtimoiy soliq stavkasi ikki baravarga pasaytirilgan holda bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida belgilanadi.

Savdo-sanoat palatasiga mahalliy shartnomalar doirasida yuzaga keladigan yengib bo‘lmaydigan kuchlar (fors-major) holatlarini tasdiqlash vakolati berildi.

Shuningdek, 2021 yil 1 oktabrdan davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining nazorat funksiyalari (ilovaga muvofiq) bekor qilinmoqda.

Tadbirkorlik subyektlari faoliyatining qonunchilik talablariga (keyingi o‘rinlarda — majburiy talablar) muvofiqligini tekshirish bo‘yicha davlat nazorati funksiyalari ro‘yxati qonun bilan tasdiqlanadi, bunda tegishli qonun qabul qilingandan so‘ng ro‘yxatga kiritilmagan davlat nazorati funksiyalarini amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi;

Vakolatli organni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan tekshiruvlar ro‘yxatiga fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, jamoat xavfsizligi, atrof-muhitga zarar yetkazish xavfining oldini olish uchun kechiktirib bo‘lmaydigan nazorat tadbirlarini o‘tkazish bilan bog‘liq tekshiruvlar, shuningdek, sayyor soliq tekshiruvlari kiritiladi.

2022 yil 1 apreldan bosqichma-bosqich majburiy talablarning elektron reyestri joriy qilinadi. Bunda mazkur reyestr davlat organlari va tashkilotlari o‘z vakolatlari doirasidagi sohalar bo‘yicha belgilangan tartibda taqdim etgan majburiy talablar ro‘yxati asosida Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan shakllantiriladi va yuritiladi.

2022 yil 1 yanvardan shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

  • nazorat qiluvchi organlar tadbirkorlik subyektlari faoliyatini belgilangan tartibda tasdiqlangan savolnoma bo‘yicha tekshiradi;
  • Savdo-sanoat palatasi a’zosi bo‘lgan tadbirkorlik subyektining faoliyatini tekshirishda ushbu tadbirkorlik subyekti roziligi bilan Savdo-sanoat palatasi xodimlari ishtirok etadi;
  • Tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobining hisobi elektron tarzda Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan yuritiladi;
  • tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlarni o‘tkazishga qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilishining oldini olish bo‘yicha profilaktika tadbirlari belgilangan tartibda o‘tkazilgandan so‘ng yo‘l qo‘yiladi, bundan soliq tekshiruvlari, jinoyat ishlari va tezkor-qidiruv faoliyati doirasida, shuningdek, qonunchilik hujjatlari buzilishi haqidagi murojaatlar va ma’lumotlar asosida o‘tkaziladigan tekshiruvlar mustasno.

2022 yil 1 aprelga qadar tadbirkorlik sohasida davlat nazorati bilan bog‘liq katta hajmdagi ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beruvchi «Yagona davlat nazorati» axborot tizimi ishlab chiqiladi va ishga tushiriladi. Axborot tizimi quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘ladi:

  • davlat nazorati funksiyalari, majburiy talablar, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqiga ega mansabdor shaxslarning elektron reyestrlarini shakllantirish va yuritish;
  • tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish va Tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobining hisobini yuritish;
  • tadbirkorlik subyektlarini tegishli majburiy talablar bo‘yicha onlayn o‘qitish va faoliyati majburiy talablarga mosligi bo‘yicha o‘zini o‘zi tekshirish mexanizmlarini joriy qilish;
  • nazorat qiluvchi organlar tomonidan amalga oshiriladigan tekshirishlarning belgilangan tartibda o‘tkazilishini baholash.

2022 yildan boshlab tadbirkorlik subyektlariga ma’muriy bosim darajasini aniqlash va yengillashtirish, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan Tadbirkorlik faoliyati erkinligi indeksi joriy etiladi.

Indeks Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan «Yagona davlat nazorati» axborot tizimi orqali tekshiruv natijalari asosliligi hamda qonuniyligi, profilaktik tadbirlar va tekshiruvlar mutanosibligi, tadbirkorlarning tekshiruv natijalaridan qoniqish darajasi kabi ko‘rsatkichlar asosida tuziladi.

Nazorat qiluvchi organlar har yarim yil yakunlari bo‘yicha 1 avgustga qadar, yil yakunlari bo‘yicha 1 fevralga qadar amalga oshirilgan nazorat tadbirlari tahlilini Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga kiritadi.

Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil har yarim yil yakunlari bo‘yicha 1 sentabrga qadar, yil yakunlari bo‘yicha 1 martga qadar Indeks natijalari to‘g‘risidagi axborotni va tadbirkorlik subyektlari faoliyatida ko‘p takrorlanuvchi huquqbuzarliklar hamda ular sodir etilishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumotni «Yagona davlat nazorati» axborot tizimiga joylashtiradi va jamoatchilikka e’lon qiladi.

2021 yil 1 noyabrga qadar Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan «Yagona davlat nazorati» axborot tizimini ishlab chiqish uchun 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan miqdorda mablag‘lar ajratiladi.

7 sentabr kuni prezident soliq majburiyatlarini bajarishda tadbirkorlik subyektlariga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha farmonni imzoladi.