Davlat Soliq qo‘mitasi soliq to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlash maqsadida bankrotlik e’lon qilingan 3500 holat aniqlanganligini ma’lum qildi.

DSQ matbuot xizmati bergan ma’lumotlariga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlari tomonidan sun’iy ravishda umidsiz soliq qarzdorligini yuzaga keltirish holatlari kuzatilmoqda. Bu jarayonlarda asosan korxona ta’sischisi va rahbarlari faol ishtirok etayotganligi qayd etilgan.

Xususan, so‘nggi 3 yilda 4 ming nafar ta’sischi va korxona rahbari tomonidan soliq to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlash maqsadida 3,5 mingta xo‘jalik subyekti tashkil etilgan.

Natijada ushbu toifadagi korxonalar budjet oldida 6,7 trln so‘m umidsiz soliq qarzdorligini hosil qilgan holda bankrotlik asosida tugatilgan.

Hozirda bankrotlik asosida tugatilgan korxonalar ta’sischilari tomonidan yangidan korxonalar tashkil etilishi davom etmoqda.

«Shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida DSQ organlari tomonidan mazkur subektlar faoliyati qat’iy nazoratga olinib, tegishli tartibda nazorat tadbirlari amalga oshirilib borilishi ko‘zda tutilgan», — deyiladi DSQ xabarida.

Ma’lumot uchun, may oyi oxirida o‘tkazilgan senatning 15-yalpi majlisida senat raisi Tanzila Narbayeva korxona va tashkilotlarni bankrot deb e’lon qilish uchun hujjatlarni rasmiylashtirib, sudga taqdim etayotgan sud boshqaruvchilariga katta miqdorda mukofot puli to‘lanayotganini tanqid qilgan edi.

«2019−2020 yillarda 10 mingga yaqin korxona va tashkilot bankrotlikning soddalashtirilgan tamoyillari asosida tugatilgan. Biroq, ulardan budjet oldidagi qarzlarini undirish masalasi nihoyatda past — 0,07 foizni tashkil qiladi. Ayni vaqtda mazkur tugatish ishlari uchun sud boshqaruvchilariga respublika va mahalliy budjetdan katta miqdorda mukofot pullari to‘lab borilgan. Ya’ni, sud boshqaruvchilariga to‘lab berilayotgan pullar — ular yordamida budjetga undirilgan mablag‘lardan bir necha barobarga ko‘p», — degan edi Senat raisi moliya vaziriga yuzlanib.

Moliya vaziri Timur Ishmetov esa mazkur tartib 2021 yil birinchi choragidan boshlab to‘xtatilgani va qayta ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgan edi.